YeTTB prezidenti O’zbekistondagi islohotlarni qanday baholaydi. Suma Chakrabarti bilan suhbat.

YETTB O'zbekistonga qaytib kelganidan keyin nimalar o'zgardi? O'zbekistonda sarmoyadorlarni nima kutmoqda? Qanday sohalarni rivojlantirish kerak? YeTTB prezidenti Suma Chakrabarti bilan suhbat. Subtitrlar ingliz, rus va o'zbek tillarida mavjud.

0
187

Suma Chakrabarti bilan suhbat

Oybek Shayxov: Salomatmisiz? Tahririyatimizga marhabo! Bugun biz Uzbek Review bilan birgalikda YETTBning Toshkentdagi vakolatxonasidamiz, suhbatdoshimiz esa ser Suma Chakrabarti. Toshkentga hush kelibsiz!

Suma Chakrabarti: Katta rahmat.

Oybek Shayxov: Ma’lumki, YETTB uch qit’ada ham faoliyat yuritadi, ular ichida iqtisodiyoti rivojlanayotgan 38 ta davlat bor. Nazarimda, 2019-yil siz uchun muvaffaqiyatli keldi. Investitsiyalar hajmi o‘n milliard yevroni tashkil etdi va siz 452 dan ziyod loyihalarni moliyalashtirdingiz. YETTBning Prezidenti sifatida, o‘zingiz o‘tgan yilni bank uchun qanchalik omadli keldi, deb hisoblaysiz?

Suma Chakrabarti: 2019-yilni bank uchun rekord natijalar kuzatilgan yil, deb bemalol aytishim mumkin. To‘g‘ri ta’kidlab o‘tdingiz, 38 ta davlat uchun eng ko‘p investitsiyalarni kiritishga muvaffaq bo‘ldik. Unutmaslik lozim, biz asosan rivojlanayotgan bozor sharoitlarida ishlayapmiz va bu sektorda oddiy banklar uddalay olmaydigan vazifalarni bajarayapmiz. Qolaversa, tavakkalchilik ko‘proq kuzatiladigan sohalarga e’tibor berayapmiz va ta’bir joiz bo‘lsa, o‘sha bozorlarda ko‘p o‘zgarishlarni amalga oshira olayapmiz. Rostini aytganda, ba’zi o‘zgarishlar samarasini berayapti, ba’zilari esa unumdor bo‘lib chiqmayapti. Chunki o‘sha iqtisodiyotlardagi sharoitlar juda kam, shu sababdan ulardagi 10,10 milliarddan ortiq ko‘rsatkichga erishish oson bo‘lmadi. Ta’kidlash kerak, ayni paytda rivojlanayotgan bozorlar ham foyda ko‘ra olayapti. Agar boshqa ko‘p tarmoqli banklarning natijasiga ko‘z tashlasangiz, o‘tgan yil ular uchun qanchalik samarali kechganiga guvoh bo‘lasiz. 2007-yildan buyon 1,5 milliard Yevro miqdoridagi eng yuqori foyda ko‘rilganini ham qo‘shib o‘tish kerak. Aynan shu boisdan ham yilni barakali bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Oybek Shayxov: Bu ishda O‘zbekistonning o‘rni qanday?

Suma Chakrabarti: O‘zbekiston tashkilotimiz maqsadlaridagi markaziy o‘rinni egallaydigan davlat. Bilasiz, mamlakatingizga uch yil avval qaytib keldik va ishlarimizni yangidan yo‘lga qo‘ydik. O‘zbekistonda 2017-yilda ish boshlagan bo‘lsak, YETTB o‘sha paytdan buyon 1,1 milliard dollarlik investitsiya kiritishga muvaffaq bo’ldi. Atigi ikki nafar xodim bilan ishlardik, hozir esa o‘ttiz uch nafar ishchimiz bor, Toshkent shahridagi asosiy ofisimizdan tashqari, Andijonda ham vakillik idoramiz mavjud. Yaqinda Urganch shahrida yana bir ofisimiz ochiladi. Ular kichik va o‘rta biznesga ko‘maklashish uchun tayyor. Agar YETTBning o‘tgan yil O‘zbekiston uchun sarflagan investitsiya hajmiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u 580 million AQSH dollarini tashkil etadi. Atigi uch yil o‘tib, ushbu ko‘rsatkich tufayli, O‘zbekiston bizning yetakchi bozorlar «jadval»ida 5-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Sir emas, davlatingiz yaxshi rivojlanayapti. Biz hukumat bilan faol ish olib borayapmiz, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni birga o‘tkazib kelayapmiz. Bunday hamkorligimiz davom etaversa, o‘ylaymanki, davlat uchun amalga oshiradigan islohotlarimiz ko‘lami kengayib boraveradi. 

Oybek Shayxov: Bilasiz, mamlakatimizda hududlarni rivojlantirishga katta ahamiyat beriladi. Kuni kecha Farg‘ona vodiysida bo‘lib qaytdingiz, shunday emasmi? Hali safar taassurotlari ketmagan bo‘lsa, aytingchi, u yerda qanday o‘zgarishlarni sezdingiz, nimalarni alohida ajratib ko‘rsata olasiz?

Suma Chakrabarti: Hududlarni rivojlantirish juda muhim. Ya’ni agar hukumat faqat poytaxt shaharlarini har tomonlama rivojlantirishga e’tibor qaratganida, bu noto‘g‘ri bo‘lardi. Chunki biz ishlayotgan barcha bozorlarda poytaxt shaharlarning iqtisodiy rivojlanishi yuqori. Biz hududlarni rivojlantirishimiz, xususan, ularda yangi ish o‘rinlarini yaratishimiz kerak, aks holda hammaning poytaxtga intilishi ortadi. Umuman olganda, chekka hududlarda hali bajariladigan ishlar ko‘p. Ya’ni o‘tish davridagi uzilishlarni bartaraf etish lozim. Hududlarda raqobatni oshirish, ishchi kuchi orasida gender tenglik masalarini ilgari surish, integratsiyalashuv, kompaniyalarni boshqarish, kabi masalalar diqqat markazimizda turibdi. Qolaversa, yuqorida ta’kidlaganimday, hududlarda ko‘proq kichik va o‘rta biznes bilan ishlashimiz kerak, yirik korxonalar ham chetda qolib ketmasligi lozim. Shaxsan o‘zim Farg‘ona vodiysida ko‘proq ishlarni bajarish tarafdoriman. Shu sababli Qo‘qonga tashrif buyurib, ipakni qayta ishlovchi kichik kompaniyalar, shuningdek, paxtani qayta ishlovchi yirik zavodlar ishi bilan tanishdim. Bu YETTB tomonidan amalga oshiriladigan ikki tomonlama ishdir, biz haqiqatdan ham mazkur hududlarda mavqeimizni oshirishimiz darkor. Niyatimiz ham shu.

Oybek Shayxov: 2017-yildan beri O‘zbekistonga kelib ketasiz va har gal mamlakat rahbarlari bilan uchrashasiz. Aytingchi, so‘nggi uch yil ichida bu yerda YETTB uchun qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi? Banklarning o‘rni, ularning bozor sharoitlariga moslashishi ancha takomillashdi, shunday emasmi? Ayniqsa, hukumat bilan hamkorlik aloqalaringiz uch yil davomida qay tomonga o‘zgardi?

Suma Chakrabarti: Savolingizga birgina ushbu jumla bilan javob berishim mumkin: «uch yil ichida sodir bo‘lgan islohotlar ortga qaytmas o‘zgarishlardir». Uch yarim yil oldingi vaziyat islohotlarning boshlanishi edi. Boshidanoq mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlatda ishga nisbatan siyosiy va iqtisodiy yondashuvni o‘zgartirishga urg‘u berdi. Uch yil o‘tib mazkur maqsad asosiy o‘ringa chiqdi. Mamlakatda parlament saylovlarining o‘tkazilishi ko‘plab kuzatuvchilar tomonidan ijobiy tahlil qilindi, hukumat kuzatuvchilar tavsiyasiga ko‘ra harakat qildi, qolaversa, Prezidentning «Demokratiya – mamlakat kelajagi» degan chaqiruvini alohida ta’kidlash kerak. Bugun barqarorlik darajasi tobora mustahkamlanib bormoqda. Ayni paytda siyosiy islohotlar avjida, bu jarayon demokratiya, siyosiy plyuralizmga yordam berishga yo‘naltirilgan bank sohasi uchun juma muhim. Boshqa tomondan iqtisodiy islohotlar ham davom etayapti. Bundan uch yil oldin Prezidentning islohotlardan ko‘zlagan maqsadlari qayergacha olib borishini hech kim bilmasdi, qolaversa, vaziyat qanday bo‘lishini oldindan aytib bo‘lmasdi. U islohotlarning nechog‘li jiddiy ekanligini isbotlay oldi. Ba’zida o‘z ishida yolg‘iz qolib ham, maqsadlarini amalga oshirdi va bu jarayon davom etmoqda! Masalan, The Economist gazetasida O‘zbekiston 2019-yilning eng muhim davlati, deya e’tirof etildi! Bunday natijani 2016-2017 yillarda kuta olarmidingiz? Yo‘q, ammo bu sodir bo‘ldi. Bu voqeani nishonlasak arziydi. Erishgan yutuqlarda to‘xtab qolmaslik kerak, buni Prezident ham yaxshi anglaydi. O‘zbekistonning mana shunday Prezidenti borligidan barchamiz baxtiyormiz. U oldinga intilishni, eskilik sarqitlaridan qutulishni, ko‘proq islohotlarni o‘tkazishni istaydi. YETTB kabi ko‘p tarmoqli tashkilotlar bu ishda unga kamarbasta bo‘lishga tayyormiz. Biz buni investitsiya kiritish orqali amalga oshirmoqchimiz, shuningdek, siyosatning barcha islohotlarini qo‘llab-quvvatlaymiz, jamoat tashkilotlari xususiy sektorga ko‘maklashishi uchun, kerakli resurlarni yaratishga harakat qilamiz. Qolaversa, Prezidentning shu yilda tuzilishi kutilayotgan Xorijiy investorlar kengashi to‘g‘risidagi tashabbusini alohida tilga olishni istardim. Bu yangi O‘zbekiston uchun oldinga tashlangan yana bir qadam bo‘ladi.

Oybek Shayxov: Yevropadan bozorimizga kirishga haligacha ikkilanib turgan xorijiy investorga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz. U erishilgan yutuqlarni, YETTB muvaffaqiyatini ko‘rib turibdi-yu, lekin hal qiluvchi qarorni chiqarganicha yo‘q. Bunday investorga aytar so‘zingiz qanday?

Suma Chakrabarti: Bu kabi investor davlatingizga tashrif buyursa, biz bilan Toshkent, Andijon yoki yaqin kunlarda Urganch shaharlarida ham uchrashish imkoniga ega bo‘ladi. Biz ko‘zlanayogan loyihalar uchun bozordagi imkoniyatni bepul tahlil qilib beramiz, shuning bilan birga, mazkur vaziyatda pand beradigan jihatlarni ham tushuntirib o‘tamiz. Har qaysi xorijiy investor biz bilan birga investitsiya kiritishi, mijozimiz, sherigimiz bo‘lishi mumkin. YETTB bilan birga investitsiya kiritish orqali, u ko‘p tarmoqli tashkilotlar uchun yaratiladigan himoya va kafolat, imtiyozli kreditlarga ega bo‘ladi. Agar bozorga ilk marotaba kirayotgan bo‘lsangiz, biz bilan ishingiz ancha osonlashadi. Ikkinchidan, o‘zingiz yolg‘iz investor sifatida tashrif buyursangiz ham, hukumat sizni yolg‘izlatib qo‘ymaydi va barcha zaruriy kafolatlar bilan ta’minlaydi. Zero, hozirgi hukumat shaffof ish va usullarni izlayapti, mahalliy va xorijiy kompaniyalardagi ijtimoiy va tabiatni asrovchi yuksak standartlarga keng yo‘l ochib berayapti, u muloqot uchun ochiq, muammongizni tinglaydi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali emas, balki oshkora tarzda investorni jalb etishni ko‘zlaydi, biznesda raqobatbardosh usullarga ega bo‘lishni istaydi. Nazarimda, bu jihatlar yetarli kafolatni bersa kerak. Hukumat aslo: «Biz eng yaxshilarmiz» – demaydi. Balki: «Hali ishlashimiz kerak. Shuning uchun bizga davlatimiz jozibadorligini oshirishda yordam beradigan qanday o‘zgarishlar kerakligini ayta oladigan sizdek investorlar zarur»,  – degan murojaatni aytadi. Chet ellik kompaniyalar bozorlarni taqqoslab boradi va menimcha, O‘zbekistondagi islohotlarni munosib baholaydi. Bu yerda yaratilayotgan imkoniyatlar ko‘lami kengaymoqda. Shunga yarasha, bozor ham tobora jozibasini oshirib borayapti.

Oybek Shayxov: YETTB Xorijiy investorlar kengashini tuzishda yetakchilik qildi, mazkur g‘oyani ishlab chiqishda, hukumat bilan yaqindan aloqa o‘rnatib, manfaatli tomonlarni jalb qilishda jonbozlik ko‘rsatdi. Aytingchi, bank ushbu mexanizmdan nimalarni kutayapti va O‘zbekiston hukumati ham bu hamkorlikdan qanday natijalarni ko‘zlagan?

Suma Chakrabarti: Agar hukumat, xususiy sektor, YETTB kabi xalqaro tashkilotlardan iborat kengash ishtirokchilari ochiq muloqot qila olsa, investitsiyalarni jalb etish borasida bir yoqadan bosh chiqarsa, bu kabi kengashlar samara beradi. Menimcha, Xorijiy investorlar kengashi (XIK) aynan shu maqsadda tuzilayapti. Hukumat muloqotga tayyor. 

Ikkinchidan, ochiq muloqot o‘tkazilganidan keyin, unga albatta, rioya qilish kerak. Hozirgi XIKlar avvalgi xo‘jako‘rsinga ishlaydigan XIKlardan farqli ravishda, muloqot natijalarini yashirmaydi, barcha uchun ochiq ko‘rsatkichlarini namoyish etadi, muloqotdan keyin esa ish samarasini ko‘rsatadi. Bu ishda xususiy sektorlar bilan ko‘proq birga ishlashimiz kerak va vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishimiz darkor. Shuningdek, XIKning ilk uchrashuvini yuqori darajada o‘tkazish juda muhim. Aynan shu borada Prezidentga o‘z takliflarimni berdim. Qolaversa, xorijiy investorlarni eng ko‘p qiziqtiruvchi mavzu – xususiylashtirish mavzusini ham chetga surmaslik kerak. Bu kabi katta konferensiyani shunchaki rasmiyatchilik uchun o‘tkazib bo‘lmaydi. Hali oldinda xususiylashtirish islohotlari turibdi, bu masalada ham istiqbolli loyihalarni kutish mumkin. Menimcha, XIK buni juda yaxshi uddalaydi. Undan so‘ng mazkur masala yuzasidan qabul qilinadigan qarorlarni bajarish kerak bo‘ladi.

Oybek Shayxov: Kengashga kimlar a’zo bo‘lib kirishi mumkin? Tanlov mezoni qanday bo‘ladi? 

Suma Chakrabarti: Xorijiy investorlar kengashiga kiradigan a’zolarni hukumat belgilaydi. Bu ishda ular bizning bankimiz, boshqa xalqaro tashkilotlar, xorijiy investorlar bilan maslahatlashishi mumkin. Ammo boshqaruv va egalik huquqi hukumatga tegishli bo‘ladi. Hal qiluvchi qarorda bizning o‘rnimiz ham bo‘ladi.

Oybek Shayxov: Mahalliy OAV YETTBning har yillik majlisi 2023-yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishini ma’lum qildi. Ushbu yangilik to‘g‘rimi va bo‘lg‘usi majlisning mamlakat uchun ahamiyati qanday bo‘ladi?

Suma Chakrabarti: YETTBning 2022 va 2023-yilgi har yillik majlisini o‘tkazish joyi haqidagi qaror tashkilotimizning boshqaruv kengashi tomonidan, may oyida e’lon qilinadi. 2022-yilgi majlis uchun Marokash davlati, 2023-yilgi majlis uchun esa Samarqand shahri nomzod sifatida ko‘rib chiqilyapti. Agar boshqa o‘zgarishlar kuzatilmasa, Samarqand shahri tanlanishi mumkin. YETTBning O‘zbekistondagi faol ishtirokini inobatga oladigan bo‘lsak, bu qaror ahamiyatli bo‘ladi. 2023-yilga borib, investitsiya maydoni kengayadi va biz O‘zbekiston misolida butun Markaziy Osiyoni ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lamiz. O‘zbekiston va Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlar bilan aloqalarning yaxshilanishi ko‘plab investorlar uchun qiziqdir. Ular orasida ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirilayapti. O‘sha paytga kelib, nafaqat ushbu mintaqada kuchli mavqega ega bo‘lamiz, balki unda o‘tkazayotgan loyihalarimizni bemalol namoyish eta olamiz. Agar may oyida kengashimiz Samarqand shahri uchun ovoz bersa, bu O‘zbekiston uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Shuningdek, 2003-yilda o‘tkazilgan majlisni unutishga yordam beradi.

Oybek Shayxov: YETTB uchun mintaqadagi aloqa qanchalik muhim?

Suma Chakrabarti: YETTB uchun mintaqadagi aloqa juda muhim. U G‘arbiy Bolqon, Sobiq Yugoslaviya singari barcha hududlarda o‘rnatilgan. O‘sha paytda ulardagi iqtisodiyot ancha kichik edi. Shu sababli iqtisodiy nuqtai nazardan, ular alohida mintaqa sifatida emas, balki yaxlit hudud sifatida  ko‘rib chiqilsa, kelajakda ijobiy natija ko‘proq kuzatiladi. YETTB o‘sha mintaqalarda o‘ziga xos bog‘lovchi vazifasini bajargan. Markaziy Osiyoda ham xuddi shu ishni amalga oshirayapti. U davrlarda Markaziy Osiyo uchun eng katta muammo siyosat edi. Ilgari bu yerga YETTB prezidenti sifatida tashrif buyurganimda, davlatlar bir-birining ustidan shikoyat qilishardi. Bu kabi muammolarni hal qilishga juda ko‘p kuch sarflanar edi, siyosiy kuchlar qanchalik tirishmasin, lekin ijobiy to‘xtamga kelib bo‘lmasdi. Nihoyat, O‘zbekiston 2016-2017 yillarda butunlay o‘zgardi va yangi Prezident mintaqaviy masalalarni yechishda ijobiy muloqot uchun imkon yaratdi. «Aloqalar» so‘zi zamirida men avvalo qat’iy aloqa –  infratuzilma, energetika loyihalarini ko‘zda tutayapman. Shuningdek, axborot aloqasi singari yumshoqroq aloqa ham mavjud. Qolaversa, yana shunday aloqalar borki, ular taraqqiyot, savdo yo‘lida g‘ov bo‘ladi va bunday nuqsonlar ustida birga ishlashimiz kerak. Kattaroq iqtisodiy makonga erishish imkoniyatlari ortayapti. Bu yaxshi, albatta. Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha mintaqaviy davlat rahbarlarini yig‘ib, ezgu ishga qo‘l urdi. O‘tkazilgan sammitlar soni ikkitaga etdi. Ammo ijobiy kayfiyat amaliy loyihalarga ko‘chishi kerak va bu mamlakatlar orasidagi munosabatlarni yanada jipslashtiradi. Havo aloqasi yaxshilanayapti, ularni bog‘laydigan boshqa yo‘l loyihalari ustida ish olib borayapmiz. Mana shunday loyihalar soni ko‘payishi tarafdoriman.

Oybek Shayxov: 2020-yilgi iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga koronavirus ta’sir o‘tkazishi mumkin. Hozircha buni aniq raqamlarda aytib bo‘lmaydi, ammo iqtisodiy o‘sish borasida fikringizni bilmoqchi edim: koronavirus Markaziy bank stavkalariga ta’sir qilmaydimi, chunki odamlar ko‘proq uyda qoladi va yetkazib berish zanjiriga putur yetadi. YETTB prezidenti koronavirusning iqtisodiyotga ta’sirini qanday baholaydi?

Suma Chakrabarti: May oyida YETTBning har bir mamlakat, xususan O‘zbekiston uchun ham mo‘ljallagan yangi rejasini taqdim etamiz. Bunga atigi bir necha oy qoldi. Ammo noyabrdagi rejamiz bilan hozirgisi o‘rtasida farq bo‘lishi tabiiy, buni anglash uchun Eynshteyn bo‘lish shart emas. Oxirgi paytlarda koronavirus ta’sirini ham ko‘rib chiqayapmiz. Mazkur mintaqa uchun Rossiya va Xitoy bilan aloqalar juda muhim. Zero, Xitoydagi iqtisodiy yo‘qotishlar atrofdagi davlatlarga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. May oyida e’lon qilinadigan o‘sish ko‘rsatkichlari noyabr oyi bilan solishtirganda, ancha pastga qarab tushadi. Bu global savdo zanjiriga bog‘langan har bir davlatning boshiga tushishi aniq. Biz ishlayotgan davlatlar orasida eng ko‘p iqtisodiy zarar ko‘rgan mamlakatlar ham bor. Ularda ayniqsa, xususiy sektorga tegishli kompaniyalarga yordam ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Zararni qoplay olamizmi, mas’uliyatni nechog‘li zimmamizga olishimiz mumkin, degan masalalar ilgari suriladi. Mana shunday iqtisodiy o‘zgarishlar davrida yordam beruvchi uch xil aylanma mablag‘lar siyosati amalga oshiriladi. 2014-2015 yillarda Ukraina iqtisodiyoti Rossiya bilan aloqalaridan qattiq zarar ko‘rgan paytda, u yerda o‘ziga xos siyosatni amalga oshirganmiz, ya’ni Ukraina xalqiga muammolarni yechishda ko‘maklashuvchi inqiroz dasturi o‘tkazilgan. O‘sha dasturlarni hozir ham zarar ko‘rgan davlatlarga nisbatan ishlatish mumkinmi, boshqa iqtisodiyotlarga manfaat keltiradimi, degan savollarni ham o‘ylab ko‘rish kerak. Bu borada qanday resurslarimiz bor. Keling, avvaliga prognozni kuzatamiz va so‘ng zaruriy chora-tadbirlarni ishlab chiqamiz. Biz ko‘p tarmoqli tashkilotlar va mahalliy hukumat bilan hamkorlikda ishlashimiz darkor.

Oybek Shayxov: 2019-yilning oxirida muhim qadam bosildi va bu o‘ta ahamiyatli investitsion dastur sifatida tarixga kirdi; YETTB doimo xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlab keladi. Xususiy kompaniya ulushiga qo‘shilgan birinchi muhim investitsiya haqida ham 2019-yilning oxirida ma’lum bo‘ldi. Bank O‘zbekistonda yana shunga o‘xshash boshqa loyihalarni amalga oshiradimi?

Suma Chakrabarti: Albatta. Biz har bir davlatda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlaydigan bankmiz. O‘zbekistondagi faoliyatimizni qaytadan boshlaganimizda, asosan davlat sektoriga e’tibor qaratganimizni tushunsa bo‘ladi. Bugun esa vaziyat o‘zgardi: muhim investitsiyalar ko‘proq xususiy kapitalga kiritilayapti. Ammo bu boradagi keyingi ishlarimiz jamoamiz uchun anchayin mashaqqatli kechadi, deb o‘ylayman. Biz qarz mablag‘larini jalb qilish yo‘li orqali moliyalashtiramiz, xuddi shunday tarzda xususiy kapitalga investitsiya kiritamiz. Shu asosda loyihalarni nuqsonsiz amalga oshirishga, loyiha tuzilishini mijozga ko‘rsatib borishga va zamon bilan hamnafas ishlashga harakat qilamiz. Keyinchalik ham ko‘pgina operatsiyalarimiz aynan xususiy sektorni rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Shaxsan o‘zim davlat korxonalari va davlat banklarida xususiylashtirish rejasini amalga oshirishga o‘xshash loyihalar ustida ishlashni afzal ko‘raman. Bu borada ham oldinga siljish kuzatiladi, deb umid qilaman. Biz infratuzilma, energetika sektorini e’tibordan chetda qoldirmaymiz va eski loyihalarimizni davom ettiramiz. O‘ylaymanki, xususiy sektorning ulushi davlat sektori bilan solishtirganda, tepaga qarab harakatlanadi.

Oybek Shayxov: Keling, endi yana bir muhim masala haqida gaplashamiz: ya’ni gender tenglik, ayollar tadbirkorligi va inklyuziv ta’lim haqida. Ko‘p yillar davomida O‘zbekistonda bu sohalarda katta o‘zgarishlar ro‘y berayapti. Ammo ularni aksariyat rivojlangan davlatlardagi standartlar bilan solishtirsak, hali ko‘p ishlar qilinishi kerak ekanligi ayon bo‘ladi. YETTBning mana shunday sohalarni qo‘llab-quvvatlaydigan dastur yoki loyihalari bormi?

Suma Chakrabarti: Ha, albatta. Masalan, ayollarning biznes yuritishi uchun sharoitlar bor, biz ko‘proq tadbirkor ayollarga e’tibor qaratamiz. Ko‘pgina davlatlarda, xususan, O‘zbekistonda ham ayol tadbirkorlar poytaxt bozorlari va banklari tomonidan moliyalashtirish imkoniyatiga ega emas. Shuni inobatga olib, biz mahalliy banklar orqali ishlaydigan vositalarni yaratdik, ular ayollarning kichik va o‘rta biznesiga yordam bera olayapti. Shuningdek, kichik va o‘rta biznes sohalaridagi maslahatlarimizni aynan ayol tadbirkorlarga qaratishimiz mumkin. Shuningdek, biz o‘z loyihalarimizdan foydalanamiz, ayollarga ularning ish joylarida zarur sharoit yaratish uchun, ushbu loyihalarni moliyalashtiramiz. Bu borada e’tibor beradigan jihatlarimiz ko‘p. Qo‘qondagi ipak korxonasiga kirganimda, bir narsaga qoyil qoldim. U yerda ayollar bilan birga, imkoniyati cheklangan insonlar ham ishlar ekan. Ularning barchasi o‘z ishini sevadi, soha rivojiga hissasini qo‘shishga harakat qiladi. Eng yoqqan tomoni, nogironligi bor shaxslarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilar ekan. Bunday ezgu ishni ko‘rib diling yayrab ketadi. Aynan shu tajribani boshqa korxonalarda ham joriy qilishni rejalashtirib qo‘ydik. Agar ular ezgu ishga bosh qo‘shsa, biz moliyalashtirishga tayyormiz. Muammoli hududlar ham yo‘q emas. Keyingi ishlarimizda ularga alohida e’tibor berishga harakat qilamiz.

Oybek Shayxov: Rahmat, qimmatli ma’lumotlar berdingiz. Davlatimiz ham ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratadi, deb o‘ylayman. Shu o‘rinda shaxsiy savollarim ham bor. 1984-yilda davlat xizmatchisi bo‘lib ishlagansiz. Undan keyin esa YETTB prezidenti sifatida tajriba yig‘dingiz. Mana shu yillar davomida qarorlaringizga ta’sir o‘tkazgan uchta omilni sanab o‘tsangiz?

Suma Chakrabarti: Bunday savol berishingizni kutmagandim. Ortga nazar tashlaydigan bo‘lsam, eng avvalo insonlar bilan munosabat o‘rnatish masalasiga urg‘u bermoqchiman. Ular bilan bir stolda o‘tirasanmi, muzokara olib borasanmi, mijozga muomala qilasanmi yoki hamkorlik munosabatlaring bo‘ladimi, barchasida hamjihatlik muhimdir. Suhbatdoshingiz qayerdan kelganini bilmay turib, u bilan yaxshi hamkor bo‘la olmaysiz. Prezidentingiz bilan munosabatlarimizda ham uning harakatlari, davlatni qay yo‘ldan olib ketishi, siyosiy maqsadlarini anglashga urinaman va shu yo‘nalishda ishlashni maqsad qilganman. Hamkoringizga ishonch bildirish orqali jiddiy munosabatlarni o‘rnata olasiz. Ikkinchidan, yetakchilikning shartlaridan biri, bu qiyin sharoitda muhim qarorni qabul qila olishdir, bu borada har kim g‘olib bo‘la olmaydi. Oldingizda tanlov turadi. Britaniyalik siyosatchilardan biri shunday degan edi: «Boshqarish – tanlash demakdir». Hammaning ko‘nglini birdek olish mumkin emas. Bu borada gohida mardlik talab qilinadi. Bu yolg‘iz insonning biznesiga o‘xshab ketadi. Bu sizning qaroringiz bilan har doim ham rozi bo‘lavermaydigan va sizning qaroringiz tufayli hamma narsani yo‘qotishi mumkin bo‘lganlarga hamdard bo‘lishni talab qiladi, ammo siz o‘zingiz uchun ham vaqt ajratishingiz kerak. Uchinchi omil sifatida, chidamlilikni misol qilib keltirgan bo‘lardim. Nafaqat mening kasbimda, balki har qanday sohada, xoh kichik tadbirkor bo‘lasizmi yoki katta korporatsiya rahbari, doimo chidamlilikka rioya qiling, shuningdek, kompaniyangiz moliyaviy ishlarida barqarorlikni ta’minlang. Chunki siz o‘zingiz va boshqa insonlarga ta’sir o‘tkazadigan qarorlarni qabul qilishingiz kerak. Barqarorlik hayotingizdagi boshqa omillarga ham bog‘liq bo‘ladi. Men masalan, baxtli insonman, katta oilam bor. Hayotda boshqa qiziqishlarim ham mavjud va umuman olganda taqdir muvozanatiga erisha olganman. Shu tariqa turli vaziyatlarda chidamli bo‘lishingiz kerak. Sovuq va chidamsiz emas, balki aynan chidamli va ta’sirchan.

Oybek Shayxov: Vaqt topganingiz uchun rahmat.

Suma Chakrabarti: Doimo bundan mamnunman.

Oybek Shayxov: Bundan bu yog‘iga ham Markaziy Osiyoda ishlashingizdan umidvormiz. Katta rahmat.

Suma Chakrabarti: Sizga ham rahmat.

Oybek Shayxov: YETTBning Toshkentdagi ofisidan maxsus Uzbek Review uchun. E’tiboringiz uchun tashakkur.


Ushbu loyihada ishtirok etgan uchun hamkorimiz Universal Bankga minnatdorchilik bildiramiz.

Materiallardan iqtibos keltirilganda manba koʻrsatilishi shart. Tahliliy portal: www.uzbek.review

Ko’proq bilmoqchimisiz? Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga obuna bo’ling:

Telegram Facebook Twitter LinkedIn Instagram  

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here