Sog‘lom raqobat muhiti uchun

0
39

Prezident 28 maydagi nutqida korxonalarimizning raqobatbardoshligi pastligining asosiy sababi sifatida raqobat muhiti zaif ekanligini aniq belgilab o‘tdi. «Raqobat bo‘lmas ekan – sifat bo‘lmaydi, narx tushmaydi. Zamon o‘zgaryapti, lekin monopol korxonalar o‘zgara olmayapti. Ular bilan yo‘limiz boshqa-boshqa. Qatʼiy choralar ko‘rish vaqti-soati keldi. Iqtisodiyotda bu hayot-mamotimiz», – dedi Prezident.

Bunga misol sifatida prezident parrandachilik va baliqchilik sohasida raqobat muhitini yaratish natijalarini keltirdi: so‘nggi to‘rt yil ichida parranda go‘shtini ishlab chiqarish 100 ming tonnadan 205 ming tonnagacha, baliq mahsulotlari esa – 65 ming tonnadan 122 ming tonnagacha oshdi. «Parrandachilik va baliqchilik tarmoqlaridagi monopoliyani bartaraf etish natijalari sezilmoqda. Tadbirkorlar o‘zini emin-erkin his qilib, raqobatlashmoqda. Narx va sifat jihatidan bozor talablariga munosib tovar va xizmatlar chiqishi kerak. Raqobat bo‘lsa, aholi tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi va uning sotib olish qobiliyati oshadi, odamlar rozi bo‘ladi».

Mutlaqo to‘g‘ri. Lekin keyingi savol tug‘iladi: raqobat muhitini qanday taʼminlash mumkin? Buning javobini topish uchun uni nimalar barbod qilishini tushunish zarur. Bizning aniq tarixiy sharoitimizda – bular:

1. Mahsulotlarning ayrim toifalarini import qilishda yuqori bojxona to‘lovlari va tarifga oid bo‘lmagan sunʼiy to‘siqlar, buning natijasida mahalliy korxonalar raqobatdan himoyani va bozor bilan mijozlar ustidan juda katta hukmronlikni qo‘lga kiritadilar. Eslatib o‘tish lozimki: import uchun to‘siqlarni oshirishning so‘nggi to‘lqini o‘tgan yili ro‘y berdi. Bugungi kunda import bilan raqobatlashuvdan eng himoyalangan sohalar bu:

·         avtosanoat (taqiqlovchi bojxona to‘lovlari mamlakatni bitta kompaniya to‘liq talon-taroj qilishiga imkoniyat yaratadi va bu talonchilik bir necha o‘n yillar davom etmoqda);

·         ayrim turdagi qishloq xo‘jalik texnikalarini ishlab chiqarish (bu yerda tanlov imkoniyatidan mahrum qilinadigan va qarzga botiriladigan fermerlar talon-taroj qilinmoqda);

·         maishiy texnika ishlab chiqarish (yuqori bojxona to‘lovlari, davlat xaridlari uchun mahalliy mahsulot narxiga 20 foizlik ustama, importga qo‘yiladigan sifat standartlarining kuchaytirilishi, yetkazib beruvchilarga nisbatan barcha viloyatlarda xizmat ko‘rsatish markazlariga ega bo‘lishi talablari va boshqalar).

Bular yetakchilar. Shu bilan birga, biroz pastroq darajada bo‘lsada, import bilan raqobat sunʼiy ravishda cheklangan tarmoqlar ham mavjud, masalan: shakar, qandolatchilik mahsulotlari va shokolad, saqich, muzqaymoq, suvlar, pivo, aroq va tamaki mahsulotlari, sut mahsulotlari va pishloqlar, margarin, konservalangan va qayta ishlangan mevalar. sabzavotlar va yong‘oqlar (shu jumladan sharbatlar), it va mushuklar ovqati, gigiyena va pardoz vositalari, teri mahsulotlari, to‘qilgan mahsulotlar, gilamlar, to‘qimachilik buyumlari (hatto bolalar kiyimlariga ham 10 foiz miqdorida boj solinadi), poyabzal, keramika va shisha buyumlar, santexnika, qimmatbaho metallar va marvaridlardan buyumlar, qora metallardan tayyorlangan yemakxona va oshxona buyumlari, mebel, qurilish materiallarining ko‘plab turlari, polimerlar, plastmassa va rezina buyumlar.

Demak, biz ushbu tarmoqlarda importga doir to‘siqlarni kamaytirish to‘g‘risida qarorlar chiqarilishini kutmoqdamiz. Bularsiz sog‘lom raqobat muhiti yaratilishi dargumon.

2. Alohida kompaniyalar qo‘lga kiritayotgan yakka tartibdagi imtiyozlar va ustuvorliklar: soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilish, imtiyozli kreditlar, moddiy resurslardan foydalanish yuzasidan monopolistik huquqlar. Bu kabi imtiyozlar korxonalarni teng bo‘lmagan sharoitlarga solib, bozorda eng kuchlisi emas, balki “keraklari” omon qolishiga imkoniyat yaratadi. Bu, tabiiyki, iqtisodiyotimizning raqobatdoshligiga salbiy taʼsir qiladi.

So‘nggi bir yil davomida soliq va bojxona imtiyozlarini kamaytirish borasida ko‘p ishlar qilindi. Bundan tashqari, imtiyozli kreditlar berish amaliyotidan voz kechish rejalashtirilmoqda. Ammo mavjud imtiyozlarni va istisnolarni yana bir bor taftish qilish va barcha yakka tartibdagi imtiyozlarni tag-tugi bilan tugatish juda foydali bo‘ladi.

3. Sunʼiy monopoliyalarni «tabiiy monopoliyalar» niqobi ostida qo‘llab-quvvatlash. Jahon amaliyotida «tabiiy monopoliyalar» deb tasniflanadigan ko‘plab sohalarda raqobatlashuvni rivojlantirish mumkin va kerakligi isbotlangan. Bu, masalan, energetika, transport, kommunal xizmatlarga taalluqlidir. Ushbu tarmoqlarni monopoliyadan chiqarish niyati ilgari ham bir necha bor eʼlon qilingandi. Ammo tarmoqlarning yangi sharoitlarda ishlashining aniq va shaffof mexanizmlari bizga hanuz taqdim etilmadi. Ularsiz esa sog‘lom raqobatni yaratib bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, raqobatni ijtimoiy sohada ham, xususan: davlat va xususiy maktablar, kasalxonalar va poliklinikalar o‘rtasida – vaucher tizimi orqali rivojlantirish mumkin va kerak. Xizmatlar isteʼmolchisi kimning xizmatidan foydalanishni o‘zi tanlashi kerak. Bunda aniq muassasani davlat tomonidan moliyalashtirish miqdori esa to‘g‘rima-to‘g‘ri isteʼmolchilarning tanloviga bog‘liq, yaʼni: mijozlar qancha ko‘p bo‘lsa, moliyalashtirish ham shuncha ko‘p bo‘ladi.

Umid qilamizki, Prezidentning bayonoti iqtisodiy rivojlanish uchun muhim bo‘lgan ushbu sohadagi chuqur islohotlarga turtki bo‘ladi.

Muallif: Yuliy Yusupov

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here