Koronavirusning ayollarga ijtimoiy ta’sirini kamaytirish uchun nima qilish kerak

Ba’zi ekspertlarning fikriga ko‘ra, ijtimoiy izolyatsiya va karantin inqirozli vaziyatlarda ayollar ahvolini yomonlashtirishi mumkin. Maqola muallifi O‘zbekiston Respublikasi IIV va mustaqil ekspertlarga murojaat qilib, ushbu fikrni tahlil qildi.

0
184
Как уменьшить социальное влияние коронавируса на положение женщин

«Inqiroz gender tengsizlikni ko‘pincha chuqurlashtirib yuboradi»

UN Women Asia and Pacific tashkilotining gumanitar xavf va tabiiy ofatlar xavfi bo‘yicha maslahatchisi Mariya Xoltsberg

Xorijiy ekspertlar COVID-19 virusi tarqalishining oldini olish maqsadida tavsiya etilayotgan ijtimoiy izolyatsiya, oiladagi maishiy zo‘ravonlik va aholining ijtimoiy zaif qatlamiga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini keltirib chiqarishidan, shuningdek, ayollarning iqtisodiy ahvoliga ta’sir qilishidan xavotirda.

Iqtisodiy yuklamalar

Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) ma’lumotiga ko‘ra, butun dunyo bo‘yicha ayollar erkaklarga nisbatan o‘z uylarida uch-to‘rt barobar ko‘p ish bajaradi va ushbu mehnatiga haq olmaydi. Agar sog‘liqni saqlash tizimida yuklamalar ko‘payib ketsa, surunkali kasalligi bor ko‘pchilik odamlar uylarida davolanishlari kerak bo‘ladi. Bu esa ayollar zimmasiga yuklanadigan vazifalarni ko‘paytirib, ular orasida kasallik yuqtirish xavfini ham oshiradi. 1976-2014 yillarda Afrikada yuz bergan Ebola epidemiyasini tahlil qilgan tadqiqotchilarning xulosasiga ko‘ra, ayollar ichida ushbu kasallikning ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan. Kasallikning yuqishiga biologik jins emas, balki ayolning gender roli sabab bo‘lgan, chunki bemorlarni asosan ayollar parvarish qilgan, tabiiyki, yuqtirish holatlari ham ular ichida yuqori hisoblangan.

COVID-19 koronavirusining tarqalishini oldini olish maqsadida, maktab va bolalar bog‘chalarini yopish choralariga butun dunyoda yagona o‘rinli yechim sifatida qaralmoqda. Ammo bu holatda onalarning majburiyatlari yanada ortadi. Bolaga qaraydigan odam bo‘lmaganidan keyin, ayol uyda qoladi. Buni ushbu tadqiqot natijalari tasdiqlab turibdi. Masalan, AQSh Gender tenglik indeksiga ko‘ra, yuqori darajadagi gender tenglikka ega mamlakatlar (1-guruh) qatoriga kiradi, shunga qaramay, bu yerda ayollar erkaklarga qaraganda, o‘n marta ko‘p kasal bolalari bilan uyda qolishiga tog‘ri keladi. O‘zbekistonda bu kabi tadqiqotlar o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, ammo gender tenglik darajasi bo‘yicha AQShdan pastki pog‘onalarni egallaydi: ya’ni, O‘zbekiston o‘rtacha darajadagi gender tenglikka ega mamlakatlar (3-guruh) qatoriga kiradi.

O‘zR Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, bolalar bog‘chasi yoki boshlang‘ich sinfga boradigan farzandi bor ota-onalarning biriga karantin davri uchun, ta’tillar jadvalidan qat’iy nazar, foydalanilmagan yillik mehnat ta’tili beriladi. Shuningdek, ish haqi saqlanmaydigan ta’til olish yoki ish beruvchi bilan kelishgan holda to‘liq bo‘lmagan ish vaqtiga o‘tish yo‘li ham bor. Ammo bunday yondashuv ham gender mezonlarini inobatga olmaydi va ta’tilga erkak emas, balki aynan ayol chiqishga majbur bo‘ladi.

Agar oilaning ikki a’zosi ham masofadan ishlasa yoki to‘liq bo‘lmagan ish vaqtiga o‘tsa, bolani parvarish qilish albatta, ayolning zimmasiga tushadi: ya’ni darslarini bajartirish, bo‘sh vaqtini tashkillashtirish va hokazo. Bu ayolning mehnat unumdorligiga ta’sir ko‘rsatishi va ish beruvchi ko‘z oldida uning qadrini tushirib yuborishi mumkin. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining aytishicha, ba’zi kompaniyalarda uyida farzandi bilan qoladigan xodimalardan karantin vaqtiga o‘z hisobidan haq to‘lashsiz ta’til olishni yoki yillik ta’til hisobidan dam olish (otgul)ga chiqishni so‘rashmoqda. Tabiiyki, ayollar bunda daromad yo‘qotayapti yoki to‘laqonli dam olish huquqidan mahrum bo‘layapti. «Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi» NNT direktori Dilovar Qobulovaning fikricha, agar telekanallar orqali tegishli ishonch telefonlari tashkil etilganida edi, bu kabi holatlar ochiqlanardi.

“Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaga ko‘ra,  maktabgacha ta’lim muassasasida yoki olti yoshga to‘lmagan bolaga o‘rnatilgan karantin davrida bolaga qarash uchun ota-onasidan biriga yoki oilaning boshqa a’zosiga sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan karantin belgilangan, lekin o‘n to‘rt kalendar kunidan oshmagan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Hozirgi vaqtda gender tenglik kesimida berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqalarining aniq soni haqidagi biror-bir ma’lumot mavjud emas.

Shuningdek, yashirin iqtisodiyot sektorida ishlaydigan ayollar ham zarar ko‘radi. Norasmiy bandlik, konvertlardagi maosh, ijtimoiy kafolatning yo‘qligi natijasida, bolali ayollar oldida murakkab tanlov paydo bo‘ladi: yoki farzandlarini nazoratsiz qoldirish yoki ishini yo‘qotish. Sobiq Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayevning aytishicha, 2019-yilda O‘zbekistondagi yashirin iqtisodiyot hajmi YaIMning 45-46% ini tashkil etgan.

Oilaviy-maishiy zo‘ravonlik

Ayolni ijtimoiy izolyatsiyaga solish oilaviy-maishiy zo‘ravonlikni ko‘paytirishi mumkin. Xitoy bunday holatga duch keldi. Xubey markaziy provinsiyasida oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha nodavlat tashkilot rahbari Van Fey (Wan Fei)ning aytishicha, 2020-yilning fevral holatiga ko‘ra, politsiya mahkamasiga 162 nafar ayoldan oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka doir shikoyatlar tushgan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga (47 ta murojaat) qaraganda, deyarli uch yarim barobar ko‘p degani. Yanvar oyidagi ro‘yxatga olingan holatlar esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar bilan solishtirganda, ikki barobar ko‘paygan, deydi u. Van Feyning fikricha, oilaviy-maishiy zo‘ravonlikning ortishiga asosan karantin uchun qo‘rquv va bezovtalik, shuningdek, ko‘pchilik oilalar boshiga tushgan iqtisodiy qiyinchiliklar sabab bo‘lgan. Shuning bilan birga, karantin oilaviy-maishiy zo‘ravonlikdan zarar ko‘rganlarga ko‘maklashuvchi amaldagi tizim ishini ham zaiflashtirgan.

Markaziy Floridada joylashgan, oilaviy-maishiy zo‘ravonlik jabrlanuvchilari uchun tashkil etilgan Harbour House boshpanasi bosh direktori Mishel Sperzel (Michelle Sperzel)ning ta’kidlashicha, pandemiya yoki tabiiy ofat yuzaga kelgan xavfli vaziyatni yanada chuqurlashtirishi mumkin, natijada ruhiy va jismoniy zo‘ravonlikka uchraydigan eng ko‘p insonlar ayollar, bolalar va hayvonlar bo‘ladi.

«Xavfsizlik chorasi sifatida, odamlarni uyda qolishga chaqirishmoqda», ― deydi Sperzel. «Ammo aslida ko‘pchlik insonlar uchun ularning uylari xavfsiz emas».

Avstraliyada oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha “Domestic Violence NSW” xizmati CEO vakili Joan Yets (Joanne Yates) ham oiladagi zo‘ravonlik jabrlanuvchilari uchun ijtimoiy izolyatsiyaning xavfini  ta’kidlab o‘tdi: «Oilaviy-maishiy zo‘ravonlikdan aziyat chekadigan ayollar aslida allaqachon izolyatsiya qilingan, ya’ni o‘z oilasidan, do‘stlaridan, ba’zida esa oddiy ish joylaridan chetlashgan bo‘ladi. Majburiy o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish esa zo‘ravonlik holatlarini yanada ko‘paytiradi».

«Biz boshdan kechirayotgan inqiroz va karantin afsuski, oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka zamin yaratadi».

Fransiyaning gender tenglik masalalari bo‘yicha davlat kotibi Marlen Shyappa

Gender tenglik bo‘yicha Yevropa instituti vakili Yurgita Pechyuriyene ham uning fikriga qo‘shiladi: «Inqiroz va tabiiy ofatlar vaqtida oilaviy-maishiy zo‘ravonlik holatlarining soni ortadi. Odatiy hayotga putur yetganda, jabrlangan ayollar uzoq vaqt davomida oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka uchraydi va ijtimoiy hamda institutsional yordamdan mahrum bo‘ladi. <…> Moliyaviy beqarorlik oiladagi zo‘ravonlik qurbonlarining tajovuzkor inson izmidan chiqib ketishiga to‘sqinlik qiladi va bu holat inqirozdan keyin yanada yomonlashishi mumkin».

Ijtimoiy ilozyatsiya oqibatida oilaviy-maishiy zo‘ravonlik holatlari kuchayib ketishidan xavfsiragan ba’zi davlatlardagi xayriya tashkilotlari o‘z juftlari bilan izolyatsiyada qolishga majbur bo‘lgan oilaviy-maishiy zo‘ravonlik jabrlanuvchilari uchun onlayn yordam xizmatini taklif etadi. AQShda tashkil etilgan oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha ishonch telefon tarmog‘i quyidagi xabarni tarqatdi. Ekspertlar COVID-19 pandemiyasining tajovuzkor jufti tomonidan zo‘ravonlikka uchragan jabrlanuvchilarga qanday ta’sir qilishini tushuntirish berdi.

O‘zbekistonda oilaviy-maishiy zo‘ravonlik mavzusida o‘tkazilgan U-Report so‘rovnomasiga ko‘ra, ishtirokchilarning 83% i mamlakatimizda oilaviy-maishiy zo‘ravonlik holatlari borligini tasdiqlagan. Ularning 62% i esa, zo‘ravonlikdan ko‘proq qizlar va ayollar aziyat chekadi, degan fikrda.

Ayollarga nisbatan kamsitishlarni tugatish bo‘yicha qo‘mita (CEDAW) tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston bo‘yicha oltinchi davriy hisobot ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yil iyuldan-2019-yilning noyabr oylarigacha oilaviy-maishiy zo‘ravonlikdan jabrlanganlar uchun ko‘maklashuvchi Reabilitatsiya va moslashuv markazlariga psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam so‘rab, 15 mingdan ortiq ayol-qizlar murojaat qilgan.

Psixolog Liana Natroshvilining fikricha, majburiy izolyatsiya O‘zbekistonda oilaviy-maishiy zo‘ravonlik holatlarining ko‘payishiga sabab bo‘ladi: «Bunday vaziyatlarda barchamiz asabiy bo‘lib yuramiz, bu esa ba’zi oilalarda munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Odamlar o‘zlari, yaqinlari uchun xavotirlanadi, iqtisodiy holat, ishni o‘ylab qo‘rqadi. Bolalar bilan hech qayerga chiqmasdan, uyda qamalib o‘tirishning o‘zi qiyin. Tabiatan zo‘ravonlikka moyil insonlar esa jahlini ko‘p hollarda rafiqasi va farzandlariga bildiradi, shu tariqa salbiy hissiyotlar va bir joyda qolib ketish vaziyatni yomonlashtiradi. Uning ustiga karantin bizni asablarni jilovlash usullaridan (sport, do‘stlar bilan uchrashuv, psixologga borish kabi) mosuvo qiladi. Agar oila erkagi spirtli ichimliklarni ichishga o‘rgangan bo‘lsa, karantin bu vaziyatni yanada avj oldiradi».

O‘zbekistonda ayollar holatiga ta’sir o‘tkazadigan COVID-19 virusining ijtimoiy xavfini oldini olish uchun qanday choralar ko‘rish kerak

  • Tabiiy ofatlar va epidemiyalar vaqtida doimo aholining zaif qatlami aziyat chekadi:
  • Qariyalar;
  • Ayollar va bolalar;
  • Kam ta’minlangan va ishsiz odamlar;
  • Nogironligi bor insonlar;
  • Surunkali va og‘ir kasalligi bor bemorlar.

Salbiy oqibatlarni kamaytirish uchun, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ushbu toifadagi insonlarga alohida e’tibor qaratishi, shuningdek, farzandlarini parvarish qilish uchun, ish haqi saqlanmaydigan ta’tilga chiqqan yoki to‘liq bo‘lmagan ish vaqtiga o‘tgan ayollar holidan xabar olishi lozim. Inqirozga qarshi jamg‘armada mana shunday holatlar uchun ham mablag‘ ajratish masalasini ko‘rib chiqish kerak.

Dilovar Qobulovaning fikricha, mehnatga layoqatsizlik varaqalari bo‘yicha to‘lovning bir qismini Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi o‘z zimmasiga olishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Masalan, Yaponiya sog‘liqni saqlash va mehnat vazirligining ma’lum qilishicha, mart oyining boshida maktablar yopilgan paytda, ularga qarash uchun dam olishga chiqqan ishchilarga kompensatsiya sifatida kuniga 80 AQSh dollari miqdorida mablag‘ berilgan. Bunday chora 27 fevraldan 31 martgacha mehnat ta’tili olgan doimiy va vaqtinchalik xodimlarga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Dilovar Qobulova O‘zbekistonda yuqorida tilga olingan xavflarni qisqartirish mumkin ekanligini ta’kidlaydi. Buning uchun hukumat ko‘magida karantin va uning oqibatlariga bog‘liq turli masalalar bilan shug‘ullanadigan tunu kun ishlaydigan ishonch telefonlarini tashkil etish kerak. Sog‘liqni saqlash vazirligining amaldagi 1003 yagona ishonch telefoni ko‘proq fuqarolar sog‘lig‘iga bog‘liq savollarga javob beradi. Hukumat tarmog‘i esa barcha tuzilmalar, xususan, Vazirlar Mahkamasidan tortib, tuman darajasidagi idoralarni ham qamrab olishi mumkin. Murojaatlarni qabul qiluvchi operatorlar ularni tegishli tashkilotlarga yo‘naltirishi kerak. O‘z navbatida ariza beruvchi ham masalasi qanday hal qilingani to‘g‘risida bir sutka davomida hisobot berishi lozim. Murojaat turiga qarab, manzilli ko‘mak ko‘rsatish maqsadida, bu ishga OAV, NNT, turli mehnat jamoalari, banklar kabilarning rahbarlarini jalb qilish mumkin. Karantin uchun ajratilgan mablag‘ qayerga, nimalar uchun sarflanganini bilish uchun shaffof hisobot zarur bo‘ladi. Ishonch telefonlar boshida yuqori malakali mutaxassislar turishi kerak va ular aholi o‘rtasida vahima va qo‘rquvning tarqalishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim.

Ayni paytda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi barcha xodimlar COVID-19 virusiga qarshi kurashish uchun tinmay ish olib borayapti. Xodimlar orasida erkaklarga nisbatan ayollar to‘rt barobar ko‘p bo‘lib, ularga har qanday damda kasallik yuqish xavfi mavjud: Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlaydigan xodimlarning 79,9% ini ayollar tashkil etadi (2018-yilgi ko‘rsatkich). Ularning ko‘pchiligi o‘z oilalarida haq to‘lanmaydigan ishni bajarishini inobatga oladigan bo‘lsak, Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimalarni qiyin vaziyatda qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha ijtimoiy yordamni joriy etsa yaxshi bo‘lardi.

Oilaviy-maishiy zo‘ravonlikni kamaytirish uchun, Liana Natroshvili tajovuzkor inson bilan yolg‘iz qolishni tavsiya etmaydi. Bunday murakkab vaziyatlarda yaqin insonlar davrasida bo‘lish lozim. Shunda jahldor erkak hissiyotlarini jilovlashga majbur bo‘ladi. Jiddiy tahdid holatida huquqni himoya qiluvchi organlarga murojaat qilish kerak.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari uyda o‘tirish bo‘yicha tavsiyalar fuqarolarning xavfsizligi va COVID-19 infeksiyasining tarqalishini oldini olish maqsadida o‘tkazilayotgan vaqtinchalik choralar ekanligini ta’kidlab o‘tishdi. Ichki ishlar organlari xodimlari zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarning murojaatlari bo‘yicha ishlashda davom etmoqda:

  1. 2019-yilning 2-sentyabrida O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. U ayollarni tazyiq o‘tkazayotgan shaxslardan himoya qiluvchi himoya orderini amaliyotga kiritdi.
  2. Soha xodimlari COVID-19 koronavirusining tarqalishini oldini olish maqsadida tavsiya etilgan xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilayapti. Ayollar bilan ayollar masalalari bo‘yicha inspektorlar ishlayapti.
  3. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar Reabilitatsiya va moslashuv markazlariga joylashtirilishi mumkin. Shu paytgacha bu kabi markazlarda odam to‘lib ketish holatlari hali kuzatilmagan.

Himoya orderi ijtimoiy izolyatsiya davrida oilaviy-maishiy zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarga tajovuzkor insondan uzoqlashishga va davlat himoyasini olishga yordam beradi. O‘zR IIV HPBB ayollar masalalari bo‘yicha bo‘lim rahbari Umida Abdullayevaning aytishicha, bugungi kunda profilaktika inspektorlari tomonidan 250 dan ortiq himoya orderi berildi. Ayollar himoya orderiga oilaviy munosabatlarda ajrim holatidan keyingi so‘nggi chora sifatida qarashmoqda. Ammo aslida bunday emas: «Jabrlangan ayollar oilada bo‘layotgan salbiy holatlarni yashirish orqali, har doim ham o‘z oilasini saqlab qola olmaydi. Oilasini saqlab qolish va o‘zini samarali himoya qilish uchun, ko‘proq bilim va ma’lumotga ega bo‘lishga intilish kerak»:

  • Oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka uchragan har bir inson Reabilitatsiya va moslashuv markazining 1169 ishonch telefoniga murojaat qilishi mumkin.
  • Shuningdek, ichki ishlar bo‘limlariga (uchastka noziri yoki 102 raqamiga) qo‘ng‘iroq qilib, himoya orderini talab qilish mumkin. Uni 24 soat davomida taqdim etishlari lozim.
  • Agar himoya orderini berish kechiktirilsa yoki asossiz rad etilsa, IIVning 1102 ishonch telefoniga murojaat qilish kerak. Asossiz rad etilgan holatlar O‘zR IIV HPBB ayollar masalalari bo‘yicha bo‘lim xodimlari tomonidan o‘rganiladi, shuning uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Umida Abdullayevaning o‘ziga quyidagi telefon raqami orqali shikoyat qilsa bo‘ladi: +998-71-2561418.

Makola muallifi: Irina Matvienko.

Ғоялар ва фикрлар фақат муаллифга тегишли ва у бирон-бир сиёсий ташкилот ёки партия билан алоқадор эмас.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here