BMTTDning O’zbekistondagi faoliyatining asosiy yo’nalishlari nimalardan iborat. Matilda Dimovska xonim bilan suhbat.

BMTTDning eng muvaffaqiyatli loyihalari qaysi? Tashkilotning O'zbekistondagi kelgusi rejalari qanday? Keyingi yillarda bizni qanday o'zgarishlar kutmoqda? BMTTDning O'zbekistondagi Doimiy vakili - Matilda Dimovska xonim bilan suhbat. Subtitrlar ingliz, rus va o’zbek tillarida mavjud.

0
200

Matilda Dimovska xonim bilan suhbat

Boshlovchi: Salom, tomosha qilayotganingiz Uzbek Review va bugungi mehmonimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska xonim.  

Dimovska xonim: […] Assalomu alaykum. Darhaqiqat, Uzbek Review mehmoni bo‘lish aslida men uchun katta sharaf  

Boshlovchi: Siz O‘zbekistondagi BMTTD tashkilotiga doimiy vakil sifatida qo‘shildingiz.   Aytingchi, BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan yoki hozirda tadbiq qilinayotgan qaysi loyihalarini eng muvaffaqiyatli, deb hisoblaysiz?

Dimovska xonim:   Xo‘sh, qaysi loyihalarni eng yaxshi, deb aytishim mumkin: biror-bir loyihasini alohida ajrata olmayman. Ammo BMTTD o‘z hissasini qo‘shgan bir qator sohalar, bir qator natijalar bor. Bundan biz faxrlanamiz, shu jumladan men ham.   Masalan, adliya tizimining islohoti. U har qanday mamlakatda davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligining asosi hisoblanadi. BMTTD E-SUD tizimida raqamli vositalardan foydalanish sohasiga o‘z hissasini qo‘shdi, ya’ni sud tizimining raqamli texnologiyalarga o‘tishida ko‘maklashdi. Bugun ushbu tizim barcha jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda bor. Adliya sohasining elektron tizimi – bu qonun ustuvorligining samaradorligi yo‘lida qo‘shilgan muhim hissa ekanligi ayni haqiqat. Yana korrupsiyaga qarshi strategiyaga qo‘shgan hissamizni ham alohida ta’kidlab o‘tmoqchi edim, u korrupsiyaga qarshi tizim, shaxsning daxlsizligi qoidalariga rioya qilishdagi turli elementlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Prezident ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda «halollik vaksinasi» ni joriy qilishda yordam beradi.   Gender tenglik borasida ko‘p ishlar amalga oshirildi, bu sohada oldimizda yana ko‘p vazifalar turibdi. Ammo qonuniy qo‘llab-quvvatlashsiz muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Biz BMTTD doirasida quyidagi ikkita qonun ustida ishladik: «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida» va «Maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish to‘g‘risida»gi qonunlar, o‘ylaymizki, bu ishimiz soha rivojiga xizmat qiladi. Yana mamlakat bo‘ylab sayohat qilganimda, ko‘p insonlar bilan uchrashaman. Mo‘ynoqdagi Mastura opa bilan tanishuvimiz hech esimdan chiqmaydi. Davlat, Prezident tomonidan taqdirlangan bu ayol hayot zarbalariga qaramay, oyog‘ida mustahkam tura oldi, irodasini saqlab qoldi. U o‘ziga o‘xshash boshqa ayollarga umid beradi, yashashga, hayot uchun kurashga ruhlantiradi. Taqdir qiyinchiliklariga qaramay, balki aynan shular tufayli, bu ayol shaxsiy biznesini ochdi va boshqa ayollarni ham ishga jalb qildi. Bu ayni haqiqat… Opa endi ish boshlayotganida, unga BMTTD yordam berdi. Buni ko‘rish yoqimli. Mo‘ynoqdagi sayohatim davomida yana ko‘plab ayollar guruhiga duch keldim. Ular uyda o‘tirishning o‘rniga, har kuni butun viloyat bo‘ylab ixtiyoriy ravishda yuradi va insonlarga ushbu hududga xos bo‘lgan o‘pka kasalliklari singari xastaliklardan himoyalanish yo‘llarini o‘rgatadi. Mana shunday ishlarda ko‘mak ko‘rsatamiz, birga ishlaymiz, natijalarimizdan mamnun bo‘lamiz.      

Boshlovchi: Mastura opa va boshqa ayollarni tilga oldingiz.   O‘zbekiston ayoli timsolini qanday tasavvur qilasiz?

Dimovska xonim:   Bunday ayollarga ko‘plab misollarni keltirishim mumkin.   Yuqorida aytganimday, bu ayollar o‘z huquqlari uchun kurashayapti, qonun ustuvorligi, ularga rioya etishni ta’minlayapti, qolaversa, parlamentda tobora faol bo‘lib borayapti: bugungi kunda parlament tarkibining uchdan bir qismini ayol deputatlar tashkil qiladi; shuningdek, O‘zbekistondagi gender tenglik strategiyasi masalalarida yetakchilik qilayotgan, strategiya rivojiga o‘z hissasini qo‘shayotgan ayollar bor. Shunday ekan, o‘ylashimcha, gender tenglikni kuchaytirish va O‘zbekistonda ayollar o‘rnini mustahkamlash yo‘lida sezilarli siljish bor, faol sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Kelgusida bundanda yaxshiroq yangiliklarni eshitamiz, deb umid qilaman. BMTTD bu hayrli ishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor.  

Boshlovchi: Milliy hamkorlarni qanday tanlaysiz   va hukumat, tashkilotlar yoki milliy hamkorlarning loyihalardagi natijalari hamda ko‘rsatkichlariga qanday bahor berasiz?

Dimovska xonim: Bu shubhasiz rivojlanish metodologiyasi, xususan, har qanday mamlakatda BMTTD faoliyati metodologiyasining asosidir. Bu konsultativ va ko‘p qirrali jarayon. U nafaqat hukumat, balki mamlakat jamiyati bilan kelishuvdan boshlanadi. Davlatda oddiy odamlar uchun nimalar o‘zgaradi, jamiyat rivojlanishida asosiy masalalar qaysi, degan savollar o‘rtaga tashlanadi. Nimalar muhim, tubdan o‘zgarishlarga nimalar sabab bo‘ladi va BMTTD qayerda o‘z hissasini qo‘shishi mumkin, nimalarni joriy qila olamiz, BMTTD qay tomonlama samarali bo‘ladi, kim bilan bevosita ishlaymiz, eng yaxshi hamkorlarimiz qaysi, degan savollar biz uchun ahamiyatlidir. Bu anchayin uzoq jarayon, ishimizning umumiy yo‘nalishini belgilab olgunimizga qadar to‘rt-besh yil ketadi. O‘zbekistonda aynan mana shu ish bilan shug‘ullanayapmiz; hozirgi kunda tashkilotimiz ta’biri bilan aytganda, 2021-2025 yillardagi faoliyatimiz uchun dasturlar to‘plamini tuzayapmiz, qarorlar qabul qilib, hujjatni ishlab chiqayapmiz. Aynan ushbu hujjat hukumat, vazirliklar yoki boshqa tashkilotlar bilan bevosita hamkorlik qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Ayni paytda baholash mezoni bilan monitoring muhimdir, shu yo‘l orqali baholash ishlarini olib boramiz va kelgusi ishimizni belgilaymiz. Shunday ekan, umumiy monitoring uchun jiddiy vositalarning to‘liq to‘plami bor, ammo eng aniq vositalar har qanday hamkorlikning boshida ko‘rib chiqiladi. Shuning uchun yaxshi statistika, sifatli ma’lumotlarga ega bo‘lishimiz, boshidanoq hukumat bilan yaxshi aloqalarni o‘rnatishimiz muhimdir. Aniq belgilangan kelishuvlar va hamkorlikdagi majburiyatlar birga ishlashga undaydi, har bir jarayonda ikki tomonlama ishtirokni ta’minlaydi. Maqsadimiz aynan O‘zbekiston davlatining bu masalalarda yetakchiligini ta’minlash va BMTTD hamkorligidan mamlakatning foyda ko‘rishidir. 

Boshlovchi: O‘zbekistonda loyihalarning umumiy hajmi qanday va u keyingi dasturiy to‘plamda kengaytiriladimi?

Dimovska xonim: Ba’zida loyiha tadbirlari byudjetining o‘zi tadbirlarning muhimligi yoki dolzarbligidan dalolat qilmasligi mumkin. BMTTD o‘zini donor deb hisoblamaydi, qolaversa, biz bank emasmiz, balki taraqqiyot bo‘yicha agentlikmiz. Aytmoqchimizki, boshqa davlatlarning taraqqiyot bosqichlaridan tajriba va bilimlar keltiramiz va hukumat uchun rivojlanish bo‘yicha hamkormiz. Shu nuqtai nazardan, mablag‘larning qayerga investitsiya qilinishi o‘ta muhim hisoblanadi. Har bir so‘mdan tortib AQSH dollarigacha bo‘lgan barcha mablag‘ni samarali sarflashni ta’minlaymiz. O‘tgan yili byudjetimiz 16-17 million AQSH dollarini tashkil etdi,  bu yil ham xuddi shu mablag‘ bilan davom ettirmoqchimiz.

Boshlovchi: Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy iqtisodiy-ijtimoiy muammolari nimada, ayniqsa, hududiy kesimda ular qanday aks etgan?

Dimovska xonim:    Bu borada ikki muhim jihatni ta’kidlab o‘tmoqchi edim. Birinchidan, uch yil avval Prezident katta maqsadni e’lon qildi – ya’ni xalq bilan birga yangi O‘zbekistonni yaratish. Bu mamlakatning yangilanish va o‘zgarish dasturi doirasida keng qamrovli va ta’sirli islohotlarga turtki bo‘lib xizmat qildi. Bugunga kelib ushbu dastur yangi bosqichiga o‘tmoqda. Endi mamlakatda suv ta’minoti, energetika kabi asosiy sektorlarni qayta tuzish, davlat korxonalarini xususiylashtirish boshlanayapti. Shuning uchun ushbu bosqichda islohotlar zaif, himoyaga muhtoj tomonlarga zarar yetkazmasdan, aksincha, ularni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’minlash kerak. Islohotlar hamma uchun teng imkoniyatlarni berishi, qonun ustuvorligi asosida o‘tkazilishi, atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, iqlimning o‘zgarishlarini inobatga olishi lozim. Bu kelajak haqida bugundan qayg‘urish deyiladi.    Prezident yanvar oyidagi o‘z nutqida xalqqa murojaat qilganida, uning murojaati bilan tanishib chiqdik va bu murojaatni islohotlarga bo‘lgan bu kabi yondashuvni qo‘llab-quvvatlash, deb bilamiz, biz uchun bu nutq – ilhom bag‘ishlaydi, xususan, BMTTDning kambag‘allik darajasini pasaytirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish ishlariga o‘z hissasini qo‘shishi uchun misoli bir chaqiruvdir. Men tilga olmoqchi bo‘lgan birinchi jihat shu edi. Ikkinchidan, islohotlar jarayoni O‘zbekistonda katta demografik dividend borligi faktini inobatga oladi, deb o‘ylayman, bu esa mamlakat rivoji uchun ulkan imkoniyatdir, islohotlar esa aynan ularning manfaatlari yo‘lida xizmat qilmog‘i darkor. Ammo bu imkoniyat hosildor yerda undirilsagina, o‘z mevasini beradi, ya’ni barcha yoshlar ish bilan ta’minlansagina, islohotlar ularga munosib ish o‘rnini yaratib bersagina samarali hisoblanadi. Hukumat nafaqat yangi ish o‘rnini yaratishga e’tibor berayapti, balki bu ish o‘rinlarida munosib sharoitlar, yuqori xavfsizlik darajasining bo‘lishi, xalqaro standartlarga mos kelishini ta’minlashga intilayapti. Bu holni ko‘rish biz uchun quvonarli. Uchinchi jihatni ham qo‘shib o‘tmoqchi edim: nafaqat munosib ish o‘rinlarini yaratish, balki kelajak uchun ham zahiradagi ish o‘rinlari haqida o‘ylab ko‘rish kerak. Bular yigirma birinchi asrga mos keladigan va eshigimizni qoqib turgan yigirma ikkinchi asrdagi ishlarga asos bo‘ladigan mehnat turlaridir. Bunday mehnat bozorida mehnat resurslariga bo‘lgan talab, imkoniyatlar, ishchilarning qobiliyati yosh yigit-qizlarning raqamli texnologiyalardan foydalanishini kafolatlaydi. Shunda O‘zbekiston ayollari faqat tikuv mashinasi yonida o‘tirmasdan, kompyuter ekranlarini ustalik bilan boshqarishiga guvoh bo‘lamiz. Bu esa O‘zbekiston jamiyatining o‘qib-o‘rganishi va tez suratlarda takomillashishiga zamin yaratadi.  BMTTD barcha hududlarda faol ish olib boradi, O‘zbekistonda ham har bir tumanning o‘ziga xos tomoniga e’tibor bergan holda ishlaymiz. Masalan, Nukusda ko‘plab masalalar bilan birga, o‘sha joyning iqlimiga ko‘proq chidamli qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, shu orqali fermerlar daromadini oshirishga e’tibor qaratamiz; Namanganda ko‘proq savdo masalasi, ishlab chiqaruvchilarning savdo imkoniyatlarini oshirish diqqat markazimizda turadi. Boshqa viloyatlarda esa mehnat bozorida barcha yoshlarni mehnat faoliyatiga tayyorlash kabi harakatlar ustida ish olib borayapmiz. 

Boshlovchi: Juda yaxshi. Bu imkoniyatlardan sevimli poytaxtim Toshkent aholisi ham foydalanishi mumkin. O‘tgan yilning noyabr oyida Toshkent shahri hokimi janob Ortiqxo‘jayev bilan uchrashib, «Aqlli shahar» (Smart City) konsepsiyasi doirasida hamkorlikdagi loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilganingizni bilaman. BMTTD O‘zbekistondagi «Aqlli shahar» (Smart City) konsepsiyasi ishlanmasining aynan qaysi sohalariga hissa qo‘shishi men uchun qiziq?

Dimovska xonim: Hokim va uning jamoasi bilan uchrashish va tajriba almashish juda zavqli jarayon bo‘ldi. Biz butun dunyo bo‘yicha urbanizatsiya jarayonining muhimligini bilamiz. Ayniqsa, O‘zbekistondek tez rivojlanayotgan mamlakat uchun uning ahamiyati katta. Shaharning urbanizatsiya jarayonidagi boshqaruv shakllari eng avvalo, insonlar manfaati uchun xizmat qilishi kerak va bu ishda barcha imkoniyatlar ishlatilishi lozim. Hokim bilan uchrashuvimiz chog‘ida shaharning rivojlanishi, BMTTD tashkilotining bu ishda taqdim etadigan xorijiy tajribasi, raqamli texnologiyalarni joriy qilish orqali taraqqiy topadigan soha va sektorlar haqida kerakli maslahatlarni berish, shaharliklar uchun qulayliklar yaratish bobidagi fikrlarimiz bilan bo‘lishdik. Shahar transport tizimi – muhim sektorlardan biri bo‘lib, unda elektr transportini shaharda joriy etish masalasi asosiy o‘rinni egallaydi. Hozirda shuning ustida ish olib borayapmiz va o‘ylashimcha, yaqin kunlarda uning ilk natijasini ko‘ramiz, biz elektr transporti tizimini joriy qilish va kengaytirishga yordam beramiz.

      «Aqlli shahar» konsepsiyasiga kelsak: loyihaning o‘zi shahar xo‘jaligini samarali boshqarish va bir qator zamonaviy vositalarni joriy qilishni nazarda tutadi. Masalan, ijtimoiy uy-joylarni olish uchun ariza berishda, davlat xizmatlari agentliklarida raqamli texnologiyadan keng foydalanish, shahar tizimlarini rejalashtirishda, axborot beruvchi ma’lumotlarni tahlil qilish, ma’lumotlar tahlilida bugungi va kelajakning intellektual tizimidan foydalanish, masalan, jamoat va shaxsiy transport harakati tizimlaridan foydalanish yoki mobil telefonlardan foydalanishdan kelib tushadigan ma’lumotlar yoki turli sektorlarda shahar xizmatlaridan kelib tushuvchi ma’lumotlarni tahlil qilish kabi. Yana nimalarni aytish mumkin… Asosan  «Aqlli shahar» konsepsiyasi doirasidagi raqamli texnologiyalar, xususan, jamoat transportidagi tizimlardir. Biz shuningdek, Toshkent viloyatida «Aqlli xonadonlar», «Aqlli uy-joylar» modellari ustida ham ish olib borayapmiz. Yaqinda hamkasblarim mana shu loyihani taqdim etadi. Bundan tashqari, muhim sohalarda ijtimoiy harakat yoki harakatsizlikka sabab bo‘luvchi, o‘ziga xos axloqiy belgilar yoki axloqiy bilimlardan foydalanish ishlari rejalashtirilayapti. Masalan, chiqindilarni yo‘qotishni boshqarish, axir bu o‘ta muhim harakat, chunki hammamiz ham chiqindilarni paydo qilamiz va ularni yo‘q qilamiz. Qanday qilib shaharliklarni chiqindilarni samaraliroq yo‘q qilishga undash mumkin. Aynan shular ahloqiy bilimlar bo‘lib, mahalliy hokimiyat bilan hamkorlikda uning ustida ish olib borayapmiz.  

Boshlovchi: Aqlli shaharlik konsepsiyasini joriy qilish kabi, shundaymi.

Dimovska xonim: To‘ppa-to‘g‘ri. Bu bizning ham shaxsiy majburiyatimizdir. «Aqlli shahar» haqidagi savolingiz uchun rahmat, chunki bu konsepsiya O‘zbekistonda amalga oshirayotgan ishlarimizga juda yaqin, ya’ni iqlimni himoya qilish borasidagi harakatlarimizga. Bilasizmi, biz hukumatning iqlimni himoya qilish bo‘yicha majburiyatlarini shakllantirishi va bajarishi borasida yaqindan hamkorlik qilamiz. BMTTD butun dunyo va hamkorlik qilayotgan barcha mamlakatlarga katta va’da bergan. «Iqlimga oid va’da» deya nomlanuvchi bu ishda barchamiz kamarbastamiz. Biz bu mamlakatlarni iqlim himoyasiga doir majburiyatlarini kengaytirish yo‘lida qo‘llab-quvvatlab boramiz. O‘zbekiston hukumati bilan ham bu borada muzokaralar ketayapti. Ammo yuqorida ta’kidlaganimday, bu sa’y-harakatlar faqatgina jamoaviy shaklda emas, balki individul tarzda ham bajarilishi kerak. Shuning uchun ham insonlarni iqlim himoyasida faol ishtirok etishga chaqirayapmiz.   O‘tgan haftada BMTTD yangi korporativ tashabbusni ilgari surdi, unga «1,5 daraja missiyasi» (mission1point5degrees.org) deb nom berganmiz. Unda biz odamlarni o‘yin o‘ynashga taklif qilamiz. O‘yinda iqlim himoyasi uchun harakat qilish haqida ma’lumotga ega bo‘lish, shuningdek, hukumatga shaxsiy fikrini bildirish, o‘z vatanida ko‘rmoqchi bo‘lgan o‘zgarishlar haqidagi istaklarini xabar tariqasida yuborish mumkin. Ushbu o‘yin va so‘rovnoma O‘zbekistonda ham bor, unda hammani ishtirok etishga taklif qilaman, mission1point5degrees.org manzilidagi sahifamizga kiring, o‘ynang va ovoz bering.  

Boshlovchi: So‘nggi savolim: chiroqlar o‘chib, BMTTDning shinam ofisi yopilganida, siz uyga qaytasiz. Aytingchi, bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazasiz?

Dimovska xonim: Bu eng muhim savol. To‘g‘rirog‘i, eng muhim emas, balki ahamiyatli desak bo‘ladi. Rostini aytganda, birinchi navbatda chiroqning o‘chganini tekshiraman. Keyingi ish haftasiga tayyor bo‘lish uchun, kuch-quvvatimni tiklashga harakat qilaman. Lekin jismoniy yuklamalar menga yoqadi. Yurishni yaxshi ko‘raman. Shu sabab dam olish kunlari ko‘proq piyoda yuraman. Shahar kezaman, qiziq joylarga boraman, san’atni yaxshi ko‘rganim uchun ko‘rgazmalarga tashrif buyuraman, bozor, madrasalarga ham tez-tez borib turaman. Ranglar jilosi, hunarmandlar mahorati va hayotning turli jabhalari meni o‘ziga rom etadi! Toshkentni uning yashilligi, tozaligi, qushlarning «chug‘ur-chug‘ur»i uchun yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, oddiy o‘zbekistonliklarning turmush tarzini kuzatish men uchun yoqimli. Buni ko‘ra olish ham Xudoning marhamati. Shu tariqa kuch-quvvatga to‘laman, boshqacha aytganda, «batareykamni quvvatga to‘ldiraman», hayotga intilishim kuchayadi, BMTTD tashkilotidagi rahbarlik vazifamni davom ettirish va mana shu ajoyib mamlakat uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni uddalash uchun olg‘a intilaman.

Boshlovchi: Davlatimiz haqidagi ajoyib so‘zlaringiz, fuqarolik jamiyati va O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lidagi g‘ayratingiz uchun tashakkur!

Dimovska xonim: E’tiboringiz uchun katta rahmat!   


Ushbu loyihada ishtirok etgan uchun hamkorlarimiz Universal Bank vs Hyatt Regency Tashkentga minnatdorchilik bildiramiz.

Materiallardan iqtibos keltirilganda manba koʻrsatilishi shart. Tahliliy portal: www.uzbek.review

Ko’proq bilmoqchimisiz? Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga obuna bo’ling:

Telegram | Facebook | Twitter | LinkedIn | Instagram          

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here