Buyuk Britaniyaning sobiq tashqi ishlar vaziri O’zbekistondagi islohotlar haqida. Alan Dunkan bilan suhbat.

Britaniyaliklar O'zbekistondagi islohotlarni qanday baholaydilar? Investitsiyalarni jalb qilish uchun nima qilish kerak? Ta'limning mamlakatimiz kelajagidagi o'rni qanday? Alan Dunkan bilan suhbat. Subtitrlar ingliz, rus va o'zbek tillarida mavjud.

0
152

Alan Dunkan bilan suhbat

Oybek Shayxov: Hayrli kun, Alan Dunkan, Uzbek Reviewga hush kelibsiz. Bugun biz bilan uchrashib, suhbat qurishga vaqt topganingiz uchun tashakkur bildiramiz. Sizni O‘zbekistonda yana bir bor ko‘rib turganimizdan mamnunmiz.

Alan Dunkan: Rahmat.

Oybek Shayxov: Biznes va siyosatda katta tajribaga egasiz. Qariyb, yigirma besh yildan buyon ushbu sohalarda xizmat ko‘rsatib kelayapsiz. Bugun siz biznesga qaytdingiz. Siyosat va biznesdagi mavqeingiz bilan dunyoning istalgan mamlakatini tanlashingiz mumkin edi. Aytingchi, O‘zbekiston sizni nimasi bilan jalb etdi?

Alan Dunkan: Siyosat ham, biznes ham meni O‘zbekistonga chorladi. Tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlaganimda, O‘zbekiston men uchun eng qiziqarli davlat edi va unga tashrif buyurishni xohlaganman. Nazarimda, siz katta o‘zgarishlar davrida Markaziy Osiyoning qoq markazida turibsiz va sizning muhtaram Prezidentingiz keng ko‘lamdagi islohotlarni o‘tkazish bobida butun dunyoga mashhur bo‘lib borayapti. Hammani qoyil qoldirayapsiz. Prezident bilan uchrashib, u bilan do‘stona munosabatlarni o‘rnatdik va uning asosiy maqsadini anglab yetdim. Ya’ni u mamlakatni biznes yuritish uchun qulay makonga aylantirmoqchi, davlat eshiklarini ochayapti, u nafaqat davlat sektori, balki xususiy sektorni ham rivojlantirish istagida. Yana biznesga sho‘ng‘iganimdan keyin, mana shu ajoyib diyorga keldim va g‘oyalarimni, maqsadlarimni tushuntirish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Qolaversa, kompaniyam uchun bu davlatda joy bormikan, mahalliy kompaniyalar bilan biznes aloqalarini o‘rnata olamanmi, degan savollar ham xayolimda charx urdi. Davlatingiz o‘z rivojlanish yo‘lini topdi, bu jihat ham meni jalb qildi. Eng asosiysi, men Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlarning ashaddiy tarafdoriman. Bu yerga dekabr oyida o‘tkazilgan parlament va mahalliy saylovlarni kuzatish uchun keldim. Barcha jabhalarda o‘zgarishlarning guvohi bo‘ldim va bu nazarimda, yaxshi yangilik.

Oybek Shayxov: Kasbingiz tufayli mashhur insonlar bilan uchrashgansiz. Ular orasida Margaret Tetcher, Donald Tramp kabi taniqli siyosiy arboblar bor. Qolaversa, Qirolicha bilan tushlik qilganingizni ham bilamiz.

Alan Dunkan: Ularning soch turmaklari hamon o‘zgarmagan. Qirolichadan tashqari, albatta. Donaldni-ku, aytmasa bo‘ladi… (kuladi).

Oybek Shayxov: 2018-yilgi Bukingem saroyidagi tashrifni nazarda tutayapman. Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan kamida uch marotaba uchrashgansiz: 2016, 2018 va 2019 yillarda. Aytingchi, ana shu uchrashuvlardan qanday taassurotlar olgansiz?

Alan Dunkan: Tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlashning o‘z gashti bor. Siz dunyoga mashhur insonlar bilan uchrashasiz. Ta’kidlab o‘tganingizday, Bosh vazir Margaret Tetcherni bir yilda uch marotaba tushlikka taklif qilardim. Har gal suhbatlarimizdan nimanidir o‘rganib qaytardim. O‘zbekistonga kelganimda, Prezident bilan uchrashdim. Meni taajjubga solgan birinchi taassurot, bu uning islohotlarni o‘tkazishga bo‘lgan yigitlarga xos shijoati edi. Ayniqsa, yoshlar uchun qilayotgan ishlariga qoyil qoldim. Davlatingizda yoshlar sonining ko‘pligini inobatga olgan Prezident shunday degan edi: «Agar hozir hammasini to‘g‘ri bajarmasak, keyingi natijalar yaxshi bo‘lmasligi mumkin, keling, to‘g‘ri ishlaymiz». U korrupsiyaga nisbatan qat’iy choralar ko‘rdi, xususiy sektorni isloh qilishga harakat qilayapti, xabaringiz bor, ilgari O‘zbekiston imijida muammo bo‘lgan inson huquqlariga ham e’tibor qaratayapti. BBC, The Economist va Reuters kabi xorijiy OAVlarning yangiliklar dasturida mavqeingizga soya solgan qamoqxonaning yopilishi haqidagi yangilikni ko‘rish bizni quvontirdi. O‘zbekiston shuningdek, The Economist jurnalida taraqqiyot va islohotlardagi o‘zgarishlar ro‘yxatida yuqori o‘rinlarni egalladi. Bu o‘zgarishlar davom etadi, deb o‘ylayman. Prezident maqsadlarida u bergan va’dalar albatta bajarilishini ko‘rayapman, ular mamlakat uchun yaxshi natija keltiradi. Bu ishda Prezidentning o‘rni beqiyos bo‘lishiga ishonaman. Axir u o‘zi uchun emas, balki vatani, xalqi uchun harakat qilayapti, bu meni quvontiradi.

Oybek Shayxov: Oxirgi uch yil ichida mamlakatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarning asosi va tub mohiyatini hali ko‘pchilik to‘liq anglab yetganicha yo‘q.

Alan Dunkan: Ha…

Oybek Shayxov: Agar bugun hukumatga maslahatchi bo‘lib qolsangiz, unga qanday tavsiyalar berardingiz yoki qaysi ishlarni mutlaqo boshqacha amalga oshirgan bo‘lar edingiz? Mamlakatda o‘tkaziladigan islohotlarning keyingi bosqichlarida aynan qaysi jihatlarga ko‘proq e’tibor qilishni maslahat berasiz?

Alan Dunkan: Menimcha, shunday degan bo‘lardim: «Boshlagan ishingizni ishonch bilan davom ettiring va islohotlaringiz haqida xalqqa hisobot berib turing, ularning sababini tushuntiring. Eski an’anaviy kuchlarga aslo yengilmang». Zero, bu mamlakat qadimiy tarixi va o‘z rivojlanish yo‘liga ega bo‘lib kelgan: birgina Buyuk Ipak Yo‘lini olaylik, undagi har bir davlatning o‘rni beqiyos. Asosiy maqsad esa yagona, kelajak ham xuddi shunday bo‘lishi kerak. Sovet Ittifoqi tarkibidan chiqqaningizda, mustaqil davlatlar qatoriga qirdingiz, ijtimoiy axborot vositalari, kommunikatsion revolyutsiya, transport sohalari tez suratlarda rivojlanayapti, ular yanada ko‘proq aholining ehtiyojlariga xizmat qilmoqda. Bu katta imkoniyat. O‘zbekiston ko‘p narsalarga erisha oldi, masalan, liberallashtirish, islohotlar jarayonini o‘tkazdi, ilgari ba’zi qiyinchiliklar bo‘lgan qo‘shnilar bilan do‘stona aloqalarni tikladi va yanada ochiq bo‘ldi. Endi davlatingiz butun dunyoga qarata faxr va ishonch bilan: «Qarang, biz o‘zgarayapmiz, hamma uchun qalbimiz ochiq, biz zamonaviy xalqlar oilasining a’zosiga aylandik va doimo shunday bo‘lib qoladi!» – deya baralla aytishi mumkin. Nazarimda, bu qiyin ish emas, ammo uni o‘zgarishi kerak bo‘lgan jamiyatga singdirish uchun ma’lum vaqt talab etiladi. O‘ylaymanki, Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat va uning kelajagi uchun to‘g‘ri harakat qilayapti.

Oybek Shayxov: Siz Birlashgan Qirollik tarixidagi eng qiyin davrda Tashqi ishlar vaziri bo‘lib uzoq vaqt ishlagansiz. O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi munosabatlar haqida gaplashmoqchi edim. Ularning bugungi istiqboli qanday?

Alan Dunkan: Munosabatlarimiz yaxshi. Bu mening tashrifim yoki boshqa yosh g‘ayratli vazirlarning tashrifi bilan cheklanib qolmaydi. Xabaringiz bor, biz London fond birjasida yarim million dollarlik obligatsiyani chiqardik. Bu faqat boshlanishi va oldinda bizni ko‘p ishlar kutib turibdi. Tashqi ishlar vaziri bo‘lganimda, barcha siyosatchilarga O‘zbekiston chindan ham e’tibor berish kerak bo‘lgan muhim davlat ekanligini aytib kelganman. Eshitishimcha, biz bu yerga investitsiya kiritish arafasidamiz, bu borada o‘sish kuzatilayapti va shu yilning may oyida Buyuk Britaniyada konferensiya bo‘lib o‘tadi. Shu haftada katta investitsion forum bo‘lishi kerak edi, ammo u qoldirildi. Shunga qaramay, davlatingizga bo‘lgan ishonchimizni bildirish uchun baribir yetib keldik. Maqsadimiz nafaqat biznes yuritish, balki jamiyatlarimizaro ijtimoiy, ta’lim aloqalarini o‘rnatish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash, imkoniyatlarni kengaytirishdan iborat. Umid qilaman, sayohat va ta’lim sohasida uchrashuvlar uchun imkoniyatlar ko‘payadi, Buyuk Britaniyadan kelgan sayyohlar faqatgina Buxoro va Samarqandni emas, balki O‘zbekistonning boshqa diqqatga sazovor joylarini ham ziyorat qilishadi.

Oybek Shayxov: Buyuk Britaniyadan ko‘proq investitsiyani jalb qilish uchun O‘zbekiston hukumati yana qanday choralarni ko‘rishi kerak, deb o‘ylaysiz?

Alan Dunkan: Bilasizmi, biror-bir davlatga maslahat berishdan yiroqman. Faqat umumiy qoidalarni tushuntirib o‘tishim mumkin. Biznesni jalb qilish uchun, eng avvalo, iqtisodiy muhitni shakllantirish kerak. Bu degani, mustahkam va ishonchli huquqiy tizim bo‘lishi kerak. Toki tomonlar orasidagi kelishmovchiliklar ana shu tizim orqali hal qilinsin. Qolaversa, mamlakatga mablag‘ kiritish va undan olib chiqish imkoniyati, investitsiya kiritish va undan foyda olishga kafolat bo‘lishi zarur. Ayniqsa, biznes olib borish uchun shaffoflikni ta’minlashingiz kerak, chunki unga chetdagi begona kuchlar ortiqcha ta’sir o‘tkazmasligi lozim. Hamma gap ishonchda, biznesni halol yuritish, adolatli raqobat muhitini shakllantirish biznes rivojining garovi hisoblanadi. Prezidentingiz ham xuddi shu g‘oyani ilgari surayapti. Menimcha, ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan va endigi maqsadimiz davlatga ko‘proq kompaniyalar kirib kelishi kerak hamda mablag‘larning bir qismini Toshkent va uning atrofidagi hududlar rivoji uchun sarflash lozim.

Oybek Shayxov: Agar men Buyuk Britaniya kompaniyasi sifatida endi shakllanayotgan, dinamik tarzda rivojlanayotgan bozorlarni izlayotganimda, bunday bozor bilan aloqa o‘rnatishga qiziqish bildirayotganimda, menga nima degan bo‘lardingiz, chunki davlat uzoq masofada bo‘lgani uchun, ehtiyotkor bo‘lishim tabiiy. Bu davlatdagi bozor barqarorlik yo‘lida shakllanishda davom etayapti. O‘bekistonga ishonch bilan kirib kelishim uchun, mendek Britaniya kompaniyasiga qanday maslahat berardingiz?

Alan Dunkan: Sizga qarata bu davlat xavfsiz, juda mehmondo‘st, undagi ishbilarmon hamkorlarga esa bemalol ishonish mumkin, degan bo‘lardim. Yana shuni ham ta’kidlashni istardimki, davlatlar o‘rtasidagi havo aloqasi biz istagan darajada rivojlanmagan; Buyuk Britaniyadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bor, ammo ularning soni ko‘proq bo‘lishini istardik. Lekin bilsangiz kerak, siyosatchilar biznesmenlarga nima qilish kerakligini o‘rgatmaganliklari ma’qul. Ular biznesmenlar uchun sharoit yaratishlari lozim, toki tadbirkorlar ishlash uchun imkoniyatlarga ega bo‘lsin, tavakkalchiliklarni yengib, o‘z biznesini olib borsin. Nazarimda, hukumat investitsiyalarni jalb qilish uchun eng muhim ishi bo‘lgan zaruriy imkoniyatlarni yaratish bilan band.

Oybek Shayxov: Savollarim sizga biroz shaxsiy tuyulishi mumkin: O‘zbekistonda katta o‘zgarishlarni ko‘rib turibsiz, avlodlar almashayapti; yosh siyosatchilar va davlat xizmatchilari hukumatda, ijtimoiy hayotda muhim o‘rinlarni egallayapti. Masalan, Parlamentning eng yosh a’zosi atigi yigirma besh yoshda, eng yosh vazirimiz esa qirq yosh atrofida. Ularning soni bir nechta. Tajribangizga ko‘ra, siz albatta Margaret Tetcher bilan ishlashni boshlagansiz; ya’ni savolimni sal o‘zgartirib bersam, uni ustozingiz, deb bilasizmi?

Alan Dunkan: Ha, u ilhom bag‘ishlardi. Ruhlantirardi, muammolarni yechishdagi jasorati va qat’iyatliligi bilan o‘rnak bo‘la olardi. 1979-yilda u Bosh vazir bo‘lganida, Yevropada Buyuk Britaniyani tepalikdan qulayotgan davlatga o‘xshatishgan edi. Chunki mamlakatda ish tashlashlar kuzatilar, inflyatsiya darajasi yuqori, past unumdorlik, valyuta, to‘lov balansiga bog‘liq muammolar mavjud edi. Hukumat boshiga kelganida, u quyidagi tashabbusni ilgari surdi: «Pul muomalasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz, oqilona iqtisodiyotni yaratishimiz kerak, aks holda hamma yutqazadi». U kasaba uyushmalari tashkilotini o‘z zimmasiga oldi, ayniqsa, mablag‘ni qattiq tejadi, uni boshqardi va bu islohotlar keyingi 30 yil ichida Britaniya muvaffaqiyati uchun poydevor bo‘lib xizmat qildi. U 50-60 yillardan boshlab, Britaniyadagi barcha yomonliklarni yengdi, aynan shuning uchun bu ayolga qoyil qolaman, u tinchliksevar revolyutsioner, haqiqiy yetakchi inson, jasorat timsoli edi. OAV bosimi tufayli o‘z fikrini o‘zgartirish o‘rniga ular bilan yuzma-yuz kelib, shunday dedi: «Yo‘q! Yo‘q! Baribir bilganimdan qolmayman»! Shundan keyin odamlar bunday irodali ayol ortidan ergashgan bo‘lsa ajab emas. Cherchill urush paytida amalga oshirgan ishni Tetcher tinch davrda uddalay oldi.

Oybek Shayxov: Undan nimalarni o‘rgandingiz? O‘zbekistonning yosh siyosatchilari va davlat xizmatchilariga maslahat tarzida aytib o‘tsangiz.

Alan Dunkan: Undan ko‘p narsalarni o‘rganganman. Parlament a’zosi bo‘lishimdan oldin, u endigina Bosh vazir lavozimini tark etgan edi. Bir piyola choy ustida suhbatlashishga muyassar bo‘ldim va dasturxon atrofida undan Xitoy haqida so‘radim. U shunday javob berdi: «Xitoyning iqtisodiyoti bor, lekin siyosatchilari yo‘q». U demokratiyaning natijasi hisoblangan erkinlikka ishonardi. Bu ikki tushunchani birdek ko‘rar edi. Xuddi shunday, bozorlar, biznes, insonlar va hukumat erkinligiga umid qilardi. Menimcha, aynan mana shu ishonch men uchun eng muhim dars bo‘lgan. Uning hamma uchun tushunarli bo‘lgan o‘z konsepsiyasi bor edi. U oddiy fikrlamasdi, balki kuchli zakovat egasi edi, ayna shu jihati bilan boshqa siyosatchilardan farq qilardi.

Oybek Shayxov: Siz to‘g‘ri ta’kidlab o‘tdingiz, O‘zbekiston yoshlar mamlakati hisoblanadi. Aholimizning 60 foizini o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan insonlar tashkil etadi. Ularning ko‘pchiligi davlat xizmati yoki biznes sohasida ishlashni xohlaydi. Meni faoliyatingiz davomidagi boshqaruvchilik qarorlaringiz va tamoyillaringiz ham qiziqtiradi, ular ayniqsa, davlat xizmatida ishlagan vaqtingizda qarorlaringiz asosini tashkil qilgan bo‘lsa kerak. Yosh avlod o‘rnak olishi uchun ular haqida ham gapirib bersangiz.

Alan Dunkan: Avvalo shuni aytishim kerak, yoshlar davlat xizmatiga intilayaptimi, bu albatta yaxshi. Siyosatchi bo‘lishni xohlayapsizmi, bunga urinib ko‘ring. Birinchi navbatda, mustahkam poydevor hozirlang va siyosiy qarorlaringiz foydali bo‘lishi uchun tajriba yig‘ing. Oksford Universitetiga o‘qishga kirganimda, universitet rektori, sobiq Bosh vazir, 80 yoshli Garold Makmillan shunday degan edi: «Aziz yoshlar, Oksford sizga bir narsani o‘rgatadi – ya’ni bema’ni gaplarni ajratib olishni». Qachonki, nima haqiqatu nima yolg‘onligini aniq ajrata olsangiz, o‘shanda biznes yoki siyosatga tayyor bo‘lasiz. Vijdoningiz toza, sog‘lom fikrlasangiz, foydali narsalar bilan safsatani farqlay olsangiz, ana shunda katta ishlarga qodir bo‘lasiz.

Oybek Shayxov: Bugungi kunda mamlakat oldida turgan asosiy muammolardan biri, bu Prezident islohotlarini amalga oshirish uchun imkoniyatlarning yetishmasligidir, ya‘ni uning fikrlari, odamlar bilan bog‘liq g‘oyalari borasida zarur bo‘lgan tajriba, ta‘lim va bilimga ega yoshlar kam. Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston kelajagida ta’limning o‘rni qanday va bu yo‘lda kerakli resurslarni yaratish uchun zarur bo‘lgan asosiy manbalar qaysi?

Alan Dunkan: Bundan bir yuz ellik yilcha avval Bosh vazir sifatida faoliyat yuritgan konservativ partiya vakili Benjamin Dizraelining ushbu fikri juda mashhur: «Mamlakatimiz kelajagi odamlarning ta’lim darajasiga bog‘liq». Shunday ekan, agar siz ta’lim jarayonini to‘g‘ri yo‘ldan olib keta olsangiz, mamlakat kelajagini qura olasiz. Zero, ta’lim barcha uchun juda muhim. Qizlar uchun ham, yigitlar uchun ham. Zamonaviy g‘oyalardan biri, bu ta’lim jarayonida har ikki jins vakiliga teng munosabatda bo‘lish, har ikkisi uchun bir xil sharoitlarni yaratib berishdir, boshqa sohalarda ham tenglik birinchi o‘rinda turadi. Yigitlar qizlarga qaraganda, o‘qimishli bo‘lishi kerak, degan fikr noto‘g‘ri. Barchaga birdek ta’lim bering, ana shunda davlatingiz taraqqiy topadi. Shuningdek, qo‘shimcha imkoniyat beradigan ish o‘rinlarini yaratish juda muhimdir, chunki agar siz matematika va muhandislik bilan shug‘ullanmagan bo’lsangiz, unda siz ushbu malakali ishni bajaradigan odamlarni topa olmaysiz. Ta’lim hamma uchun birdek imkoniyatlar eshigini ochishi kerak. Dekabrdagi tashrifim chog‘ida Prezident maktabini borib ko‘rdim, sharoitlari oliy darajada, bu kabi bilim dargohlari kelajakda katta yutuqlarga erishishiga ishonchim komil. Bu juda yaxshi. Masalan, bizda Buyuk Britaniyada bu kabi maktablar yo‘q, chunki biz ko‘p jihatlarni tenglashtirishga harakat qilamiz. Mukammallikka intilishning nimasi yomon. Siz yuksak standartlar sari intilayapsiz.

Oybek Shayxov: Bu elitizm emasmi?

Alan Dunkan: Elitizmingiz bo‘lmasa, Olimpiya medalini qo‘lga kirita olmaysiz. Bu imtiyozga ega bo‘lish degani emas, balki cho‘qqiga faqat eng yaxshilar chiqadi, degan ma’noni anglatadi. Shu sababdan elitizm yomon tushuncha emas. Bu yaxshilikka intilishingizdan dalolat beradi. Sizning eng yaxshi askarlaringiz – bu o‘qimishli insonlar, eng yaxshi atletikachilaringiz, eng yaxshi kimyogarlaringizdir.

Oybek Shayxov: Bu borada siz bilan bahslashishim ham mumkin. Ushbu savolni berish orqali, shunday vaziyatni yuzaga keltirdim chog‘i. (kuladi)

Alan Dunkan: Yoki siz bilan bahslashayapmanmi? (kuladi)

Oybek Shayxov: Ushbu konstruksiyani qurayotganingizda, mana shu savol yuzaga chiqadi. AQSHdagi Pechak ligasini yaxshi bilsangiz kerak, bu borada ko‘p tanqidiy fikrlar mavjud. Chindan ham fikrlar turfa va ularning barchasi ahamiyatlidir. Eng yaxshilar eng yaxshi marralarni zabt etishiga doimo tilakdoshmiz, shunday emasmi?

Alan Dunkan: Har bir inson eng yaxshi bo‘lishga haqli.

Oybek Shayxov: Siyosat maydonidagi yigirma yetti yillik umr. Shu yillar davomida dunyodagi eng murakkab, lekin samarali siyosiy tizimda mehnat qila turib, qanday uch haqiqatni o‘zingiz uchun kashf etdingiz? Bu tizim qanchalik murakkab bo‘lmasin, baribir natija beradi. Zero, buni amaliyot isbotlab turibdi.

Alan Dunkan: Ha, xalq xizmatchilari nohaq bo‘lgan paytda ham, ular doimo haqdir. Olgan darslarimdan biri, bu omadli siyosatchi bo‘lishdir. Kelajagiga ishonmaydigan siyosatchilar yutuqqa erisha olmaydi. Bizning tizimda esa boshqa ko‘pgina tizimlardagi kabi ishimizning 90 foizi omadga bog‘liq. Lekin parlament a’zosi bo‘lasizmi yoki vazir, yohud oddiy inson, bu iste’dodingizning taraqqiy topishiga zamin bo‘la olmaydi. Siyosatning ta’siri boshqacha. So‘zlarim yakunida shuni ta’kidlashni istardimki, siyosatga kirayapsizmi, odamlarning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirish va mamlakatingiz ravnaqi uchun hissa qo‘shish yo‘lida, qo‘lingizdan kelgan ishni qilishingiz kerak. Bunday ezgu maqsadga ishonib yashashingiz darkor. Hech qachon siyosatni safsata deb o‘ylamang. Hammasi undagi insonlarning yaxshiligiga va saylovchilarning ovoz berish ishtiyoqiga bog‘liq. Bir kun kelib, siyosatsiz tartibsizlik ro‘y berishini anglab yetasiz. Shunday ekan, siyosatga qadam bosmoqchi ekaningizdan hech qachon uyalmang.

Oybek Shayxov: Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

Alan Dunkan: Rahmat.


Ushbu loyihada ishtirok etgan uchun hamkorlarimiz Universal Bank vs Hyatt Regency Tashkentga minnatdorchilik bildiramiz.

Materiallardan iqtibos keltirilganda manba koʻrsatilishi shart. Tahliliy portal: www.uzbek.review

Ko’proq bilmoqchimisiz? Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga obuna bo’ling:

Telegram Facebook Twitter LinkedIn Instagram   

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here